Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi xonadonda sodir bo‘lgan yong‘inni bartaraf etish vaqtida Favqulodda vaziyatlar vazirligi maxsus qutqaruv bataloni guruh komandiri, kapitan Boburmirzo Pardayev halok bo‘ldi. Bu haqda FVV xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 15 avgustga o‘tar kechasi soat 03:41 da “112” tizimi orqali “Quyi Darxon” mahallasidagi xonadonlardan birida yong‘in chiqqanligi haqida xabar kelib tushgan. Shundan so‘ng qutqaruvchilar zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, yong‘inni o‘chirishga kirishgan.
Qutqaruvchilar yong‘inni bartaraf etish bilan birga, xonadonda bo‘lgan aholini xavfsiz hududga evakuatsiya qilgan. Kapitan Boburmirzo Pardayev ham odamlarni qutqarish ishlarida faol ishtirok etgan.
Biroq yong‘inni o‘chirish jarayonida qutqaruvchi kapitan Boburmirzo Pardayev halok bo‘lgan.
FVV marhum qutqaruvchining oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, uning inson hayotini o‘z xavfsizligidan ustun qo‘ygan holda xizmat burchini bajarganini ta’kidladi.






