15 avgust kuni Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi "Mustaqillikning 25 yilligi" konida avariyali quduqni yopish bo'yicha amaliy ishlar boshlandi. Bu haqda "O'zbekneftgaz" ma'lum qildi.
Shu munosabat bilan "O'zbekneftgaz" AJ boshqaruv raisi Abdug'ani Sanginov, Boysun tumani hokimi Bahodir Shukurov va boshqa mutasaddilar konga borib, "Kofrun" qishlog'i faollari hamda loyihada ishtirok etayotgan Xitoyning CNPC korporatsiyasi mutaxassislari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda avariyali quduqni yopish loyihasi doirasida amalga oshiriladigan ishlar va xavfsizlik choralari muhokama qilindi. Mahalliy aholi bilan ham suhbat o'tkazildi.
Eslatib o'tamiz, 2024-yil 1-sentyabr kuni kondagi 604-sonli quduqda burg'ulash ishlari vaqtida texnologik jarayon buzilishi oqibatida vodorod sulfidi sizib chiqqan. Hodisa ortidan yaqin hududda yashovchi aholi xavfsiz joylarga evakuatsiya qilingan.






