Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning aytishicha, Shimoliy Koreya Rossiyani qo‘llab-quvvatlash uchun 30–50 ming nafargacha harbiy xizmatchisini yuborishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. U bu haqda 8 avgust kuni “Yadinye novosti”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
13 avgust kuni Yaponiyaning Kyodo News agentligi Ukraina harbiy razvedkasiga tayanib, Rossiyaga yangi shimoliy koreyalik harbiylar kontingenti yuborilishi haqida xabar berdi. Manbalarga ko‘ra, noyabr oyining oxirigacha Rossiyaga 50 minggacha shimoliy koreyalik harbiy yetib kelishi mumkin. Ular Kursk, Bryansk va Belgorod viloyatlarida xizmat qilishi aytilmoqda.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, KXDR Rossiya hududidagi harbiy operatsiyalarda ishtirok etish orqali zamonaviy urush olib borish bo‘yicha qimmatli tajriba to‘plamoqda. Shu sababli u Janubiy Koreyani Ukraina bilan havo mudofaasi va dronlar ishlab chiqarish sohalaridagi hamkorlikni kuchaytirishga chaqirdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil oxiridan KXDR Rossiyaga harbiylarini yuborib kelmoqda. Tahlilchilar Rossiyaga dastlab 14–15 ming nafarga yaqin shimoliy koreyalik jangchi yuborilganini bildirgan. Keyinchalik yana harbiy qurilishchilar va saperlar ham Rossiyaga yo‘naltirilgan.
Janubiy Koreya razvedkasi Rossiya tomonida jang qilgan shimoliy koreyaliklar orasida halok bo‘lgan va yaradorlar sonini taxminan 6 ming nafar deb baholamoqda. Ayni paytda Pxenyan qurbonlar bo‘yicha rasmiy statistika e’lon qilmagan.
Ayrim ekspertlar yangi kontingent Rossiya qo‘shinlarining orqa frontini qo‘riqlashi mumkinligini taxmin qilmoqda. Bu esa Rossiyaga ko‘proq o‘z harbiylarini Ukrainadagi front chizig‘iga yo‘naltirish imkonini berishi mumkin.






