Indoneziyaning Flores oroli sohillarida 15 avgustga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan kuchli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 47 kishiga yetdi. Yana 50 kishi jarohatlangan. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.
Qutqaruvchilar vayronalar ostida qolganlarni izlash ishlarini davom ettirmoqda. Qidiruv-qutqaruv operatsiyasiga yordam berish uchun ikki vertolyot va bir samolyot tayyorlangan.
Zilziladan zarar ko‘rgan hududlarda bir qator binolarda odamlar qamalib qolgan. Shuningdek, ko‘chkilar ayrim yo‘llarni to‘sib qo‘ygani xabar qilindi.
Avvalroq Maumere port shahri yaqinidan 20 kishining jasadi topilgani, olti kishi jarohatlangani va ikki kishi vayronalar ostida qolgani ma’lum qilingan edi.
Eslatib o‘tamiz, 15 avgustga o‘tar kechasi Flores oroli yaqinida 7,7 magnitudali zilzila qayd etilgan. Shundan so‘ng uchta provinsiyada tsunami xavfi e’lon qilingan. Zilzila oqibatida turar joylar, maktablar, davlat muassasalari va shifoxonalar zararlangan.






