AsosiyJAMIYAT

Toshkentda ko‘chmas mulk qayta baholandi

Yangi baholashda ko‘chmas mulk qiymati avvalgi kadastr qiymatiga nisbatan kvartiralarda qariyb 7,4 baravar, hovli-joylarda esa 14 baravar yuqori bo‘lgan.

'Toshkentda ko‘chmas mulk qayta baholandi'ning rasmi

Toshkent shahrida ko‘chmas mulk obyektlarini ommaviy baholashning dastlabki natijalari ma’lum qilindi. Baholash jarayonida 600 mingdan ortiq kvartira va 213 mingdan ziyod hovli-joy qayta baholangan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxtdagi kvartiralarning amaldagi kadastr qiymati 57,8 trln so‘m bo‘lgan. Ommaviy baholashdan so‘ng ularning umumiy qiymati 426,7 trln so‘m etib belgilangan.

Hovli-joylarning amaldagi kadastr qiymati 39,1 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, qayta baholash natijasida bu ko‘rsatkich 548,4 trln so‘mga etgan.

Shu tariqa, yangi baholashda ko‘chmas mulk qiymati avvalgi kadastr qiymatiga nisbatan kvartiralarda qariyb 7,4 baravar, hovli-joylarda esa 14 baravar yuqori bo‘lgan.

Baholash natijalariga ko‘ra, Toshkentda kvartiralarning bir kvadrat metri hududga qarab 4,6 mln so‘mdan 35,8 mln so‘mgacha, bir sotix yerning qiymati esa 115 mln so‘mdan 890 mln so‘mgacha baholangan.

Hisob-kitoblarda ob’ektning joylashuvi, maydoni, qurilgan yili, qavatlari, qurilish materiallari va transport hamda ijtimoiy infratuzilmaga yaqinligi kabi omillar inobatga olingan. Shuningdek, bozordagi takliflar, rieltorlar ma’lumotlari va notarial rasmiylashtirilgan oldi-sotdi bitimlari tahlil qilingan.

Vazirlikka ko‘ra, ommaviy baholashning dastlabki natijalari 60 kun davomida jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi.

Mulkdorlarga baholash natijalari haqida SMS orqali xabar beriladi. Ular hisob-kitoblarda foydalanilgan ma’lumotlar bilan tanishishi, aniqlangan xatolar haqida xabar berishi va natijani qayta ko‘rib chiqishni so‘rashi mumkin.

Natijalardan norozi bo‘lgan mulkdorlar esa mustaqil baholash o‘tkazish uchun baholovchi tashkilotni jalb qilish huquqiga ega.

    Boshqa yangiliklar