O'zbekistonning 1,4 mln nafarga yaqin fuqarosi 40 ga yaqin davlatda mehnat qilmoqda. Bu haqda Markaziy bankning 14 avgust kuni e'lon qilingan tahlilida ma'lum qilindi.
Mehnat migrantlarining eng ko'pi Rossiyada — 834,2 ming nafar. Qozog'istonda 84,4 ming, Turkiyada 72,1 ming, Janubiy Koreyada 46,4 ming nafar o'zbekistonlik ishlamoqda. Yevropa davlatlarida esa 258 ming nafar fuqaro mehnat qilmoqda. Yana 97,7 ming nafar migrant boshqa davlatlarga to'g'ri keladi.
Xorijda mehnat qilayotgan o'zbekistonliklarning 398,9 ming nafari, ya'ni 28,6 foizi ayollardan iborat. Yoshlar ulushi esa 28,9 foizni yoki 402,1 ming nafarni tashkil etadi.
Markaziy bank ma'lumotlariga ko'ra, so'nggi yillarda O'zbekistonlik mehnat migrantlarining yo'nalishlari ham o'zgarmoqda. MDH davlatlarining ulushi 29 foizga kamaygan bir paytda Yevropa mamlakatlariga yo'nalish 42 foizga, Sharqiy Osiyoga esa 26 foizga oshgan.
Migratsiya agentligi ma'lumotlariga ko'ra, O'zbekiston hozirda 23 ta davlat bilan tashqi mehnat migratsiyasi bo'yicha 48 ta kelishuvga ega. 2025–2026 yillarda 14 ta davlat bilan 18 ta hukumatlararo va idoralararo kelishuv imzolangan.
Shuningdek, 36 ta davlatdagi 325 dan ortiq yirik ish beruvchi va rekruting kompaniyasi bilan hamkorlik yo'lga qo'yilgan. Germaniya, Britaniya, Italiya, Ispaniya, Shvetsiya, Fransiya, Bolgariya, Ruminiya, Slovakiya, Sloveniya, Serbiya, AQSh va Yaponiya istiqbolli yo'nalishlar sifatida qayd etilgan.
Ushbu davlatlarda o'zbekistonliklarni savdo va xizmat ko'rsatish, tibbiyot, transport va logistika, qishloq xo'jaligi, sanoat, qurilish, payvandlash, metallga ishlov berish, neft-gaz va konchilik sohalariga jalb qilish rejalashtirilgan.






