Belgiyada mamlakat tarixidagi so‘nggi yillardagi eng yirik yong‘inlardan biri uchinchi kundirki davom etmoqda. Hautes Fagnes qo‘riqxonasidagi yong‘in 3 ming gektar maydonni qamrab olgan. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.
Yuzlab o‘t o‘chiruvchilar yong‘inga qarshi kurashmoqda. Yong‘in sabab yaqin atrofdagi ikki qishloq aholisi evakuatsiya qilingan.
Qutqaruv ishlariga Shvetsiya va Niderlandiyadan yuborilgan suv sepuvchi samolyotlar, shuningdek, Belgiya va Niderlandiyaga tegishli to‘rtta vertolyot jalb qilingan. Mahalliy fermerlar ham suv tashish mashinalari bilan yordam bermoqda.
Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, yong‘in juma kuni 80 gektar maydonda boshlangan. Shanba kuniga kelib 850 gektarga, yakshanba ertalab esa 3 ming gektarga tarqalgan.
Yuqori harorat, shuningdek, qo‘riqxonada botqoqlik va o‘rmonlar ko‘pligi yong‘inni o‘chirish ishlarini qiyinlashtirmoqda. Ayrim hududlarga yetib borish imkonsiz bo‘lgani sababli yong‘in o‘chiruvchilar yong‘inning ayrim qismlarini nazorat ostida yondirishga majbur bo‘lgan.
Rasmiylar yong‘inning ikki yo‘nalishi — Jalxay va Monshau tomoni nazoratga olinganini bildirgan. Hozircha yong‘in oqibatida biror uy zarar ko‘rmagan. Yong‘inning kelib chiqish sababi esa hali aniqlanmagan.






