AsosiyJAMIYAT

Internetda haqiqiy inson mumiyalari sotilmoqda

Tadqiqotchilar ularning xavfidan ogohlantirdi.

'Internetda haqiqiy inson mumiyalari sotilmoqda'ning rasmi

Internet do‘konlari, ijtimoiy tarmoqlar va auksion platformalarida haqiqiy inson mumiyalari hamda ularning qismlari sotilmoqda. Ayrim holatlarda ular oddiy pochta orqali xaridorlarga yetkazib berilmoqda. Mutaxassislar bunday savdo nafaqat axloqiy va huquqiy, balki salomatlik uchun ham xavf tug‘dirishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Buyuk Britaniya, Litva, Italiya va Avstraliya universitetlarining sog‘liqni saqlash, biologiya, anatomiya va kimyo sohalaridagi mutaxassislari internetda inson va hayvon qoldiqlari savdosiga oid e’lonlarni o‘rgangan. Tadqiqotda 2015–2025-yillar oralig‘ida joylashtirilgan inson qoldiqlariga oid 122 ta va hayvon qoldiqlariga oid 6 ta e’lon tahlil qilingan. Bu haqda xorijiy ommaviy axborot vositalari xabar berdi.

Tadqiqotchilar ayrim sotuvga qo‘yilgan mumiyalarda zamburug‘li zararlanish belgilari borligini aniqlagan. Shu bilan birga, sotuvchilar xaridorlarni ehtimoliy biologik xavflar va xavfsiz muomala qilish qoidalari haqida ogohlantirmagan.

Mutaxassislarga ko‘ra, mumiyalash jarayonida organizmning qurishi mikroorganizmlarning butunlay yo‘q bo‘lib ketishini anglatmaydi. Ayrim mikroorganizmlar uzoq vaqt saqlanib qolishi mumkin. Mumiya noto‘g‘ri sharoitda saqlanganda yoki tashilganda zamburug‘ sporalari havoga tarqalishi ehtimoli bor. Bu esa mumiya bilan ishlaydigan odamlar, shuningdek, uni tashishda ishtirok etuvchi xodimlar uchun xavf tug‘dirishi mumkin.

Tadqiqot davomida yana bir muammo aniqlangan. 22 ta holatda odamlar mumiya qoldiqlariga qo‘lqop va niqobsiz teggan. Holbuki, himoya vositalari nafaqat mikroorganizmlardan, balki mumiyalash jarayonida ishlatilgan ayrim kimyoviy moddalardan himoyalanish uchun ham zarur.

Tarixning turli davrlarida jasadlarni saqlash va mumiyalashda mishyak, simob va qo‘rg‘oshin kabi zaharli moddalardan foydalanilgan. Shuningdek, bitum, kedr moyi, natron va turli o‘simlik smolalari ham ishlatilgan. Ularning ayrimlari teri va nafas yo‘llariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Mutaxassislar mazkur natijalarni inson mumiyalarining butun dunyodagi savdosiga to‘liq tatbiq etib bo‘lmasligini ta’kidlagan. Biroq tadqiqot internetdagi bunday savdo nazoratsiz qolsa, biologik va kimyoviy xavflar yuzaga kelishi mumkinligini ko‘rsatgan.

Qayd etilishicha, inson qoldiqlarining internet orqali savdosi so‘nggi yillarda alohida muammoga aylanmoqda. Ayrim platformalarda bosh suyagi, suyaklar, qo‘l-oyoq qismlari va boshqa inson qoldiqlari ham sotuvga qo‘yilgani aniqlangan.

Avvalroq 1991-yilda Avstriyaning Etstal Alp tog‘larida topilgan, "Etsi" nomi bilan mashhur 5300-yillik mumiyada ham zamonaviy va qadimiy mikroorganizmlarga oid izlar aniqlangani haqida xabar berilgan edi.

    Boshqa yangiliklar