AsosiyJAMIYAT

Prezident bir guruh tadbirkorlarga davlat mukofotlarini topshirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 avgust kuni Xiva shahrida bir guruh tadbirkorlarga davlat mukofotlarini tantanali ravishda topshirdi.

'Prezident bir guruh tadbirkorlarga davlat mukofotlarini topshirdi'ning rasmi

Mukofotlar mamlakat taraqqiyoti va eksport salohiyatini yuksaltirish, milliy iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlash, investitsiyalar jalb qilish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish, zamonaviy xizmatlarni kengaytirish hamda yangi ish o‘rinlari va daromad manbalarini yaratishga munosib hissa qo‘shayotgan tadbirkorlarga berildi.

Shuningdek, milliy iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, ilg‘or tajriba va an’analar maktabini yaratish, ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etishda ibrat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar "Faol tadbirkor" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Marosimda davlat rahbari tadbirkorlarni "Tadbirkorlar kuni" bilan samimiy tabrikladi.

Qayd etilganidek, mamlakat tadbirkorlari yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, o‘z tashabbusi, bilim va tajribasi bilan iqtisodiyotning turli tarmoqlarida salmoqli natijalarga erishmoqda.

Ular tomonidan yangi investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, eksportbop va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish kengaytirilmoqda. Shuningdek, zamonaviy xizmatlar yo‘lga qo‘yilib, aholi uchun yangi ish o‘rinlari va daromad manbalari yaratilmoqda.

Ayniqsa, o‘z sohasida ilg‘or tajriba va an’analarni shakllantirayotgan, innovatsion texnologiyalarni joriy etishga intilayotgan, kreativ g‘oya va tashabbuslari bilan ajralib turgan tadbirkorlar safi kengayib borayotgani ta’kidlandi.

Prezident tashabbusi bilan shakllangan an’anaga muvofiq, har yili ilg‘or tadbirkorlar mamlakatning yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlab kelinmoqda.

Joriy yilda ham mukofotga nomzodlarni tanlashda ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish, investitsiya jalb qilish, aholi bandligi va farovonligini ta’minlash, shuningdek, ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishda aniq natijalar ko‘rsatayotgan tadbirkorlarga alohida e’tibor qaratildi.

Marosimda Shavkat Mirziyoyev davlat mukofotlarini o‘z egalariga topshirdi.

Taqdirlangan tadbirkorlar mamlakatda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor va ularning mehnatiga berilayotgan yuksak baho uchun Prezidentga minnatdorlik bildirdi.

Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, tadbirkorlar hamda jamoatchilik faollari ishtirok etdi.

    Boshqa yangiliklar