AsosiyJAMIYAT

Imron Xon qamoqxonadan shifoxonaga ko‘chiriladi

Ayni vaqtda advokatlar va oila a'zolariga sobiq bosh vazirning tibbiy ko'rik natijalarini oshkor qilish taqiqlangan.

'Imron Xon qamoqxonadan shifoxonaga ko‘chiriladi'ning rasmi

Pokiston Oliy sudi mamlakat sobiq bosh vaziri Imron Xonni yaqin kunlarda qamoqxonadan shifoxonaga ko‘chirish haqida qaror qabul qildi. Shuningdek, unga oila a'zolari bilan har hafta uchrashish imkoniyatini ta'minlash topshirildi. Bu haqda "Dawn" xabar berdi.

Qaror Imron Xon saqlanayotgan qamoqxona boshlig‘i uning sog‘lig‘i holati bo‘yicha sudga hisobot taqdim etganidan so‘ng qabul qilingan.

Shifokorlar xulosasiga ko‘ra, sobiq bosh vazirning pulsi va yurak holati me’yorda emas. Shu munosabat bilan sud uni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun shifoxonaga ko‘chirishga qaror qilgan.

Sud, shuningdek, Imron Xonning shaxsiy shifokori hamda uning singlisi, doktor Uzma Xon ishtirokida tibbiy komissiya tuzishni buyurgan. 

Ayni vaqtda advokatlar va oila a'zolariga sobiq bosh vazirning tibbiy ko‘rik natijalarini oshkor qilish taqiqlangan.

Imron Xon 2018 yildan 2022 yilgacha Pokiston bosh vaziri lavozimida ishlagan. U 2023 yil avgustidan beri qamoqda saqlanmoqda.

Sobiq bosh vazirga nisbatan bir nechta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. U Toshaxonada saqlanayotgan davlatga tegishli qimmatbaho buyumlarni sotganlik ayblovi bilan 14 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda.

2024 yilda Imron Xon korruptsiya ishi bo‘yicha yana 14 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

2025 yil dekabrida esa sud Imron Xon va uning rafiqasi Bushra Bibini korruptsiya ishi bo‘yicha 17 yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqargan.

    Boshqa yangiliklar