AsosiyDUNYO

Asad rejimi sobiq bosh muftiysi Damashqda sud oldida javob bermoqda

Damashqdagi Jinoyat ishlari bo‘yicha to‘rtinchi sud uning ishi bo‘yicha dastlabki majlisni o‘tkazdi.

'Asad rejimi sobiq bosh muftiysi Damashqda sud oldida javob bermoqda'ning rasmi

Ahmad Hassun Bashar Asad hokimiyati davrida Suriyaning bosh diniy arboblaridan biri bo‘lgan. U rejimning siyosati va harbiy harakatlarini diniy nuqtayi nazardan oqlashda muhim rol o‘ynagani aytilmoqda.

Sobiq muftiy Suriyadagi fuqarolik urushi davrida muxolifat va qurolli guruhlarga qarshi keskin bayonotlar bergan hamda ularga qarshi zo‘ravonlikni oqlovchi fatvolar chiqarganlikda ayblanmoqda. Shuningdek, u hukumat armiyasi safida halok bo‘lgan harbiylarni “shahid” deb atagan va armiyada xizmat qilishni diniy burch sifatida talqin qilgan.

Suriya sudi Hassunga nisbatan zo‘ravonlikka undash, qotilliklarni oqlash, fuqarolarga qarshi jinoyatlarga daxldorlik va boshqa qator ayblovlarni ko‘rib chiqmoqda. Tergov va sud jarayoni 2011–2024-yillarda Suriyada sodir etilgan og‘ir huquqbuzarliklar bo‘yicha o‘tish davri adolati doirasida olib borilmoqda. 

Hassun 2025-yil mart oyida mamlakatdan chiqib ketishga uringan vaqtida Damashq xalqaro aeroportida qo‘lga olingan. Unga nisbatan ushlash to‘g‘risida order berilgan edi. 

Sudda sobiq bosh muftiyga qo‘yilgan ayblovlar bo‘yicha dalillar va guvohlarning ko‘rsatmalari o‘rganilmoqda.

    Boshqa yangiliklar