Frantsiyaning janubida kuygan ayol jasadi topildi. Tergov jarayonida marhumaning mashhur bloger Sonya Bellinaga tegishli ekani aniqlandi. Bu haqda "BBC" xabar berdi.
Ma'lum bo'lishicha, 12 avgust kuni Nim shahri yaqinidagi Sen-Jill kommunasida joylashgan uzumzordan ferma ishchisi ayolning kuygan jasadini topgan. Bir necha kun davomida marhumaning shaxsi aniqlanmagan.
19 avgust kuni shahar prokuraturasi tergov va DNK tahlili natijasida jasad 29 yoshli Sonya Bellinaga tegishli ekani tasdiqlanganini ma'lum qilgan.
Sonya Bellinaning TikTok ijtimoiy tarmog'ida qariyb 260 ming nafar kuzatuvchisi bo'lgan. U voqea sodir bo'lgan hududga oilasini ko'rish uchun kelgani xabar qilingan. Blogerning yaqinlari uni 10 avgust kunidan beri qidirayotgan bo'lgan.
Hodisa yuzasidan qasddan odam o'ldirish bo'yicha jinoyat ishi qo'zg'atilgan. Tergov doirasida ikki nafar gumonlanuvchi qo'lga olingan. Ulardan biri yoki har ikkisi jinoyatga bevosita yoki bilvosita aloqador bo'lishi mumkinligi aytilgan.
Blogerning opasi Miyaning aytishicha, Sonya uydan chiqib ketganidan so'ng qaytib kelmagan. U yaqinlari bilan bog'lanmagan va shu sababli uni qidirish ishlari boshlangan.






