1

Tanasi boshqa dard bilmas yohud Ta`magir shifokorning achchiq iztiroblari

Jinoyat 17.01.2017, 15:07
Teglar: Jinoyat
Tanasi boshqa dard bilmas yohud Ta`magir shifokorning achchiq iztiroblari

Toshkent shahridagi nufuzli shifoxonalardan birida shifokor bo`lib ishlardim. Mamlakatimizda barcha sohalarda bo`lgani kabi tibbiyot sohasida ham tub islohotlar amalga oshirilib, barcha shart-sharoitlar yaratilgani boshqa hamkasblarim singari mening ham ishga bo`lgan ishtiyoqimni oshirardi. 

Tibbiyot xodimlari elda e`zoz topgan mana shunday yurtda shifokor bo`lib ishlab, insonlarga oz bo`lsa-da foydam tegib yurganidan ich-ichimdan suyunardim. Kasbimdan baraka topgan edim deyishga to`liq haqliman.  Ayniqsa, keksa otaxon va onaxonlarning tinmay alqab, duo qilishlari meni beixtiyor quvontirardi. Har doim kiygan oq libosimga, ichgan qasamimga sodiq bo`lishga harakat qilganman.  

Lekin nima bo`lganda ham xom sut emgan bandamiz-da. Ba`zida o`zimiz anglamagan holda manmanlik qilamiz, boshqalarni pisand qilmay, oyog`imiz erdan uziladi. Ayniqsa, bu kabi holat odamlarning ko`p ishi tushadigan kasbda ishlasangiz tezda yuzaga chiqarkan. 

O`zini bilgan odam xato va kamchiliklarini to`g`irlashga, hamma bilan samimiy munosabatda bo`lishga harakat qiladi. Afsus, men vaqtida ko`zimni ochmadim. Xonamning oldida navbatini kutib turgan bemorlarga qo`pol munosabatda bo`la boshladim. Ayrim bemorlardan pul ta`ma qilish odatini chiqardim.  

Bu voqeaga besh yilcha bo`lib qoldi. Shu paytgacha hech kimga aytmay ichimda saqlab yurdim. Bir kuni qabulimga o`n to`rt yashar bolani olib kelishdi. Uning ahvoli juda achinarli  edi. Hali yosh bo`lishiga qaramay qandli diabet kasaliga chalinibdi. Buning ustiga oshqozoni ham tez-tez bezovta qilib turar ekan. 

Ushbu bemorni ko`rib, to`g`risi, achinishning o`rniga g`azablanib, uning ota-onasiga:

—  Yaxshiroq ovqatlantirsangiz bo`lmaydimi, nima ahvol bu o`lar holiga kelib qolibdi-yu, —  deya  baqirdim.  

Shunda ularning ikkalasi ham ma`yus tortib, erga tikilib qoldi. Ayol sekingina ro`molchasini chiqarib ko`zidagi yoshni arta boshladi. Shu payt bemor bolaning otasi meni chetga tortib:

—  Do`xtir nima deganingiz bu, qaysi ota-ona o`z farzandidan biron-bir egulikni qizg`onadi? Qolaversa, men o`ziga to`q odamman. Salim mening bittayu-bitta farzandim. Bor topgan-tutganim shunikida. Faqatgina, o`zida ishtaha yo`q. Nima qilay qiynalib ketdim, —  dedi.  

To`g`risi, menga uning “o`ziga to`q odamman” degan so`zlari ko`proq yoqib tushdi. O`zimcha o`ylay boshladim: “yuz ko`kidan tashlab ketasa-ya. Farzandim uchun har narsaga tayyorman dedi-ku. Uyaltirmas qurimsoq”. 

Ha, u men o`ylaganimdek, yuz ko`kida bo`lmasa ham o`ziga yarasha  berib ketdi. 

O`sha kezlari ularni qanday kechinmalar chulg`agani, jigarbandi azoblanayotganidan siqilayotgani hayolimga ham kelmagan.   Oradan besh olti oy vaqt o`tdi... Salimning otasi  yana ayolini etaklab qabulimga kirib keldi. Ularni ko`rib suyunib ketdim.  Farzandlari sog`ayib ketgandir shunga rahmat aytgani kelgandir deb o`yladim. 

Lekin afsus, unday bo`lib chiqmadi. Salim olamdan o`tgan ekan. Ularga qaysidir boshqa shifokor farzandlari noto`g`ri muolaja qilinganini  aytib,  o`sha tashxis qo`ygan va dorilarni tavsiya qilgan shifokorni sudga berish kerakligi haqida uqtiribdi. 

Farzand dog`ida kuygan ota-ona to`ppa-to`g`ri mening oldimga kelavergan. Ularga yotig`i bilan tushuntirishga harakat qildim. Ikki-uch  marta to`polon qilib kelishdi-yu, keyin kelmay qo`ydi. Sudga ham bermadi... 

Ammo, men bundan ham og`ir jazoga ro`para keldim. Xullas, kunlarning birida jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli tugatdik. Bemorning qarindoshlari ziyofat uyushtirdi. Ichkilik ko`p bo`lib ketgan bo`lishiga qaramay, mashinamni o`zim boshqaraman deb turib oldim. Mashina ruliga o`tirganim esimda, bir mahal ko`zimni ochsam kasalxonada yotibman. Azbaroyi og`riqning kuchliligidan hatto bir so`z aytishga qo`rqaman. Oyoq tomonim muzlab yotibdi. Tanamni harkatlantira olmasdim. Xullas, halokatga uchrab umurtqamga qattiq shikast etibdi.  Taqdirning o`zi meni jazoladi.   Avtohalokat tufayli nogiron bo`lib qoldim.

Ayolim, farzandlarim, yaqinlarim va do`stlarimning atrofimda girdikapalak bo`lib chorasiz bir ahvolda ko`zlariga yosh olishini ko`rib, bir paytlar qabulimga kelgan bemorlar qarindosh-urug`larining holati ko`z oldimda gavdalanadi.

Mana shunday ayanchli ahvolga tushishimga faqatgina o`zim aybdorman. O`zim qiynalganim etmaganday, turmush o`rtog`im va bolalarimni ham qiyinchilik, dard-alam, qayg`u girdobiga tashladim. Boshimga tushgan bu ko`rgiliklardan  so`ng bir paytlar qabulimga kelgan Salimning ota-onasiga qanchalik qiyin bo`lganini ich-ichimdan his qildim!... 

“Tanasi boshqa dard bilmas” deb bejiz aytishmas ekan. 

Bemorlar va ularning qarindoshlari ko`nglini og`ritgan shifokor hech qachon baxtli hayot kechira olmasligi mening misolimda o`z isbotini topdi. 

Sherali Umarov
Toshkent shahri

Sharhlar

Jizzaxda 39 yoshli erkak xotinini urib o`ldirdi (video)

07.09.2022, 12:07

Jizzaxda ayol o`z eri tomonidan o`ldirildi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar bermoqda. Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 2 sentyabr kuni Jizzax viloyati Zarbdor tumani Yangihayot...
Namanganda 21 yoshli yigitni qotiliga aylangan blogerga nisbatan qamoq jazosi tayinlandi

10.01.2022, 21:58

Namanganda 150 ming so`m evaziga Instagram sahifasidagi obunachilarini ko`paytirish ortidan ikki bloger o`rtasida kelib chiqqan kelishmovchilik qotillik bilan tugadi.Qayd etilishicha, hodisa Chust tumanida o`tgan yilning...
Termizda qidiruvdagi qochqin qo`lga olindi

10.08.2021, 17:29

Termizda qidiruvdagi qochqin qo`lga olindi. Bu haqda Surxondaryo viloyati IIB xabar berdi.Ma`lum bo`lishicha, Termiz tumani “Sh.Rashidov” mahallasida yashovchi fuqaro X.Ilhom 2021 yil 29 iyun kuni...
Yilning 6 oyida har 100 ming aholiga nisbatan 132 ta jinoyat to`g`ri kelgan

10.08.2021, 16:44

2021 yil 6 oyida har 100 ming aholi soniga nisbatan 132 ta jinoyat to`g`ri kelgan. Bu haqda AOKAda o`tkazilayotgan  matbuot anjumanidan maxsus muxbirimiz Abdukarim Zaripov...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1