O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Respublika baynalmilal madaniyat markazi tashkil etilganining 25 yilligiga bag`ishlangan uchrashuvda nutq so`zladi.
Davlatimiz rahbari ko`p millatli butun O`zbekiston xalqini qutlug` sana – Respublika baynalmilal madaniyat markazi tashkil etilganining 25 yilligi bilan muborakbod etdi.
Prezident moslashtirilgan binolarda joylashgan qator markazlarning bir guruh faollari o`zlarining mehnat sharoitlarini yaxshilashga ko`maklashish to`g`risida murojaat qilganliklarini aytdi.
Shu munosabat bilan Prezident ilgari «O`zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyatiga tegishli bo`lgan Bobur ko`chasidagi binoni Respublika baynalmilal madaniyat markaziga berishni va uni Do`stlik saroyi deb nomlashni taklif etdi.
“Biz mazkur binoni rekonstruksiya qilish va uning atrofini obodonlashtirishni ko`zda tutadigan tegishli hukumat qarorini qabul qilamiz”, dedi Shavkat Mirziyoev.
Ushbu bino yonida joylashgan va mustaqillik yillarida Respublika baynalmilal madaniyat markazi o`zining ko`plab tadbirlarini o`tkazib kelayotgan bog`ni «Do`stlik bog`i» deb nomlashni taklif qildi.
Bosh vazir A.N.Aripovga tegishli idoralar bilan birgalikda, bir oy muddatda mazkur bog` hududida O`zbekistonda istiqomat qilayotgan barcha elu elat vakillarining o`ziga xos madaniyati, urf-odatlari va pazandachilik an`analarini namoyish etishi uchun pavilonlar barpo qilish loyihasini ishlab chiqish topshirildi.
Toshkent shahrining Mirzo Ulug`bek tumanida Navro`z bayrami arafasida ochiladigan yangi bog` esa endi buyuk ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur nomi bilan ataladi.