25 yanvar kuni Toshkentda yozuvchi Akbar Mirzoning “Suiqasd” asari taqdimoti bo`lib o`tdi.
Bu haqda “Sputnik” nashri xabar bermoqda.
Yangi kitob O`zbekiston Birinchi prezidenti tug`ilgan kuni arafasida taqdim qilinmoqda. Kitobda Islom Karimov og`ir sinovdan mardonavor o`tgan davlat rahbari sifatida tasvirlangan. Shuningdek, jinoyatchilarni fosh qilishda ishtirok etgan huquq-tartibot organlarining tezkor va aniq harakatlari haqida ham hikoya qilingan. “Bu asar yosh va istiqbolli yozuvchi Akbar Mirzoning oldin chop etilgan, Namangan va Andijon voqealari aks ettirilgan, "Ayozi cho`zilgan bahor" va "Ajal bilan yuzma-yuz" kitoblarining davomi bo`lib, u mustaqil O`zbekiston bosib o`tgan murakkab yo`lni tasvirlaydi. Asarda O`zbekiston Birinchi prezidenti faoliyati haqida badiiy tarzda hikoya qilib berilgan”, — deb izoh berdi O`zbekiston yozuvchilar uyushmasi a`zosi Habib Temirov.
Eslatib o`tamiz, 1999 yilning Fevralida vahobiy-terrorchilari Toshkentning 6 joyida portlashlar uyushtirgan edi. O`shanda O`zbekiston rahbariyati, muhim davlat boshqaruv organlari terrorchilar nishoniga aylangan edi.
Terrorchilar Vazirlar Mahkamasi binosining “V“ shaklidagi ustuni oldida bomba o`rnatilgan avtomobil portlatib yuborishadi. Aynan shu vaqtda Vazirlar mahkamasining kengashi o`tkazilishi va unda prezident ham ishtirok etishi rejalashtirilgan bo`ladi.
O`zbekiston Birinchi prezidenti Islom Karimov 2016 yilning 2 sentyabrida, 78 yoshida vafot etdi. 30 yanvar Islom Karimov tug`ilgan kuni. Ayni damda O`zbekistonning barcha hududlarida ushbu kunni munosib kutib olish uchun tayyorgarlik ko`rilmoqda.






