“O`zbekiston havo yo`llari” Milliy aviakompaniyasi joriy yilda bir qator yangi yo`nalishlarni ochadi, deb xabar qildi aviatashuvchi tashkil etilganining 25 yilligiga bag`ishlab payshanba kuni o`tkazilgan matbuot anjumanida kompaniya bosh direktori Valeriy Tyan. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Yaqin vaqtlarda Tojikiston bilan aviaqatnovlar qayta yo`lga qo`yiladi. «Hukumatlararo kelishuv to`liq ishlab chiqildi va imzolanishga tayyor. Dushanbega reys yaqin vaqtlar ichida bo`ladi», — dedi Valeriy Tyan.
Eslatib o`tamiz, Toshkent va Dushanbe o`rtasidagi aviaqatnovning qayta yo`lga qo`yilishi haqidagi qaror 2016 yilning noyabrida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo`yicha hukumatlararo komissiya yig`ilishida qabul qilingan edi.
Aprel boshida yoki undan avvalroq Laxorga (Pokiston) ham reys qayta tiklanadi. Bundan tashqari, Hindiston (Dehli va Amritsar reyslariga qo`shimcha), Xitoyga yangi yo`nalish bo`yicha reyslar yo`lga qo`yiladi.
Aviakompaniya charter takliflarini kengaytirishni istiqbolli va daromadli yo`nalishlardan, deb hisoblaydi, qo`shimcha qildi Valeriy Tyan. Joriy yilda charterlar uchun ko`proq havo kemalari ajratiladi, deb ta`kidladi u.
Bugungi kunda «O`zbekiston havo yo`llari» Evropa va Osiyoning 50 dan ziyod shaharlariga reyslarni amalga oshirmoqda. Charter reyslar geografiyasi Alyaskadan Yangi Zelandiyagacha hududlarni qamrab oladi.






