AsosiyDUNYO

Isroilda “Sumud” flotiliyasi faollari tahqirlandi

Hodisa ortidan Yevropa davlatlari keskin norozilik bildirdi.

'Isroilda “Sumud” flotiliyasi faollari tahqirlandi'ning rasmi

Isroil Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir Falastinga gumanitar yordam olib ketayotgan “Sumud” flotiliyasi faollari qo‘lga olinganidan keyingi holat aks etgan videoni e’lon qildi. Videoda faollarning tiz cho‘ktirilgani va ularga Isroil madhiyasi eshittirilgani xalqaro tanqidlarga sabab bo‘ldi.

Videoda qo‘lga olingan faollar qo‘llari orqaga qayrilgan holda olib ketilgani, keyin esa beton maydonda tiz cho‘ktirilib, boshlarini yerga egishga majburlangani tasvirlangan. Shuningdek, ularga Isroil madhiyasi qo‘yib berilgani ham ko‘rinadi.

Kadrlar fonida Ben-Gvirning qo‘riqchilarga “ularning qichqiriqlariga e’tibor bermang” degani eshitiladi. Vazir video ostida “Terrorizm tarafdorlarini mana shunday kutib olamiz” deb yozgan.

Mazkur holat nafaqat Yevropa davlatlari, balki Isroil rasmiylari tomonidan ham tanqid qilindi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu mamlakat “provokatsion flotiliyalar”ning hududiy suvlarga kirishini to‘xtatishga haqli ekanini aytgan bo‘lsa-da, Ben-Gvirning harakatlari “Isroil qadriyatlari va me’yorlariga mos emas”ligini ta’kidladi.

Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Sa’ar esa Ben-Gvirni “davlatga uyatli shou orqali zarar yetkazganlikda” aybladi.

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Yvette Cooper videodan “dahshatga tushgani”ni bildirib, bu inson sha’ni va qadr-qimmatiga zid ekanini aytdi.

Italiya bosh vaziri Giorgia Meloni esa faollar, jumladan Italiya fuqarolari tahqirlangani uchun Isroildan rasmiy uzr so‘rashni talab qildi. Shuningdek, Italiya tashqi ishlar vazirligi Isroil elchisini chaqirtirishi ma’lum qilindi.

Kanada va Niderlandiya ham Isroil elchilarini chaqirish niyatida ekanini bildirgan.

    Boshqa yangiliklar