AsosiyJamiyat

​Prezident farmoni bilan “O`zavtoyo`l” kompaniyasi tugatildi

'​Prezident farmoni bilan “O`zavtoyo`l” kompaniyasi tugatildi'ning rasmi

Avtomobil yo`llari qurish va foydalanish davlat-aksiyadorlik kompaniyasi (“O`zavtoyo`l” DAK) negizida O`zbekiston Respublikasi Avtomobil yo`llari davlat qo`mitasi tashkil etiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoev farmon imzoladi.

14 fevral kuni Prezidentning Yo`l xo`jaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risidagi farmoni O`zAda e`lon qilindi.

Farmon avtomobil yo`llari va sun`iy inshootlarni loyihalashtirish, qurish va foydalanish jarayoniga kompleks yondashish asosida yo`l xo`jaligini boshqarishning samarali tizimini shakllantirish, ularni moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, loyihalashtirish va yo`l-qurilish ishlari sifatini oshirish imkonini beradigan to`laqonli buyurtmachi xizmatini yaratish maqsadida imzolandi.

Endilikda O`zbekiston Respublikasi Avtomobil yo`llari davlat qo`mitasi majburiyatlar va shartnomalar, shu jumladan, xalqaro shartnomalar bo`yicha Avtomobil yo`llari qurish va foydalanish davlat-aksiyadorlik kompaniyasining (“O`zavtoyo`l” DAK) huquqiy vorisi hisoblanadi. Ya`ni avtomobil yo`llari sohasida maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Avtomobil yo`llari sohasida yagona texnika siyosatini olib borish, ushbu sohada davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, avtomobil yo`llarining xalqaro tranzit yo`laklarini shakllantirish, yo`l qurish, rekonstruksiya qilish kabilar Avtomobil yo`llari davlat qo`mitasi faoliyatining asosiy vazifalari va yo`nalishlari etib belgilandi.

Hujjatda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Yo`l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi tashkil etish ham belgilangan. Inspeksiyaning asosiy vazifalariga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yo`l qurilishi ishlarida, yo`l-qurilish materiallari, mahsulotlar va konstruksiyalarni ishlab chiqarishda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishini nazorat qilish, qurilishi tugallangan yo`l ob`ektlarini foydalanishga qabul qilish bo`yicha komissiyalar ishida qatnashish, yo`l qurilishi yuzasidan shaharsozlik qonunchiligiga rioya qilinishi ustidan nazorat qilishni tashkil etish borasida texnik jihatdan tartibga solish sohasida normativ hujjatlarni takomillashtirishga doir takliflar kiritish va unda ishtirok etish kabilar kiradi.

O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo`l jamg`armasi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo`ysundirilib, ular tomonidan Respublika yo`l jamg`armasi mablag`lari tushumi hamda sarfining yillik va choraklik hisobotlarini shakllantiriladi, yo`l xo`jaligi ob`ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta`mirlash va jihozlashning nomma-nom ro`yxatlarini belgilangan tartibda kelishiladi.

Yo`l jamg`armasiga mablag`larni yig`ish va tushumlarning to`liqligini nazorat qilish funksiyasi O`zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo`mitasiga, Davlat bojxona qo`mitasiga va Ichki ishlar vazirligiga yuklanadi.

Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir Abdulla Aripov zimmasiga yuklandi.

Boshqa yangiliklar