O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 15 fevral kuni imzolangan farmoniga tayyorlangan sharhda aynan shu haqda so`z boradi.
Prezidentning farmoniga muvofiq Madaniyat va sport ishlari vazirligi tugatilib, uning o`rniga Madaniyat vazirligi hamda Sport qo`mitasi tashkil etildi.
Zimmasidagi vazifalar ko`lami kengligi va ahamiyati kattaligiga qaramay, Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan davlat boshqaruvi organlari va mahalliy hokimiyat organlari bilan faol hamkorlik ta`minlanmayapti, uning faoliyati esa ko`pincha madaniy-ommaviy va sport tadbirlarini o`tkazish bilangina cheklanib qolmoqda, deyiladi farmon matnida.
Madaniy-ma`rifiy va sport-sog`lomlashtirish muassasalari, ob`ektlari va inshootlarining moddiy-texnik bazasini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari hamon o`z echimini topgan emas. Madaniyat va sport sohasida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimi zamonaviy talablarga javob bermaydi.
Madaniyat va sport sohasida davlat boshqaruvi samaradorligining tanqidiy tahlili shuni ko`rsatmoqdaki, Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan mutasaddi organ sifatida o`z oldiga qo`yilgan keng ko`lamli masalalarning to`liq ijrosi ta`minlanmagan, ayniqsa, davlat boshqaruvi va joylardagi ijro hokimiyati organlari faoliyatini mazkur sohada muvofiqlashtirish, madaniy-ma`rifat va sport-sog`lomlashtirish muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni malakali kadrlar bilan ta`minlash bo`yicha ishlar etarli darajada olib borilmagan.
Bundan tashqari, hayotiy tajriba shuni ko`rsatmoqdaki, bitta vazirlikda madaniyat va sport kabi ikkita ko`pqirrali va murakkab sohalarning birlashtirilishi ommaviy jismoniy tarbiyani rivojlantirish, istiqbolli sportchilarni saralash tizimini takomillashtirish, hududlarda teatr, mumtoz musiqa va boshqa san`at turlarini keng ommalashtirish bo`yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini yuksaltirish imkonini bermayapti.
Natijada Madaniyat va sport ishlari vazirligi o`z ish faoliyatida ko`p hollarda barcha mavjud resurs va imkoniyatlarini bayramlar madaniy tadbirlarini o`tkazishga va muhim xalqaro sport musobaqalariga tayyorgarlik ko`rishga yo`naltirish bilan chegaralanib qolgan. Yuzaga kelgan salbiy holatlarni bartaraf etish uchun vazirlik faoliyatini tubdan isloh qilish zarurati paydo bo`ldi.
O`zbekiston Republikasi Prezidentining “Madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish, ushbu sohada davlat siyosatini amalga oshirish samaradorligini keskin oshirish, O`zbekiston xalqining boy va o`ziga xos madaniyati, san`ati va ijodini yanada rivojlantirishni ta`minlash, aholining keng qatlam o`rtasida ma`nan va axloqan komil inson bo`lishga va sog`lom turmush tarzini yuritishga intilishni rag`batlantirishga yo`naltirilgan.






