Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 275-sonli umumta’lim maktabida o‘qituvchi va o‘quvchilar o‘rtasida yuz bergan nizo aks etgan videolavha tarqaldi.
Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lum qilishicha, holat yuzasidan maxsus ishchi guruh tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Ishchi guruh tarkibiga boshqarma va huquq-tartibot organlari vakillari jalb qilingan.
Qayd etilishicha, dars jarayonida 9-sinf o‘quvchilari hamda informatika fani o‘qituvchisi o‘rtasida janjal kelib chiqqan.
“Mazkur holat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi. Maktab ichki qoidalariga rioya etmagan hamda ushbu holatga javobgar barcha shaxslarga nisbatan qonun doirasida tegishli chora ko‘riladi”, — deyiladi rasmiy munosabatda.






