“Sog`lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti o`rtasidagi hamkorlik doirasida 11 bemor bola Germaniya klinikalarida davolanib, yurtimizga qaytib keldi. Toshkent xalqaro aeroportida ularni davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ota-onalar kutib oldi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Paxtaobodlik Tojimuhamedovlarning ham ikki farzandi Germaniya klinikalarida davolanayotgan edi. Ulardan biri – 13 yoshli Muslimbek muolajalarni tugatib, ota-onasi bag`riga qaytib keldi.
Olotlik Boltaqulovlar ham bundan olti oy avval 10 yoshli o`g`li Madaminni Germaniyaga kuzatgan edi. Operasiya natijasida uning chap oyog`ida kuyishdan qolgan asorat bartaraf etildi. Shifokorlar ota-onaga kelgusida farzandining salomatligini nazorat qilish va bolani parvarishlash bo`yicha maslahat va tavsiyalar berdi.
"Sog`lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi va Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti hamkorligida hayotga tatbiq etilayotgan ushbu loyiha doirasida 2002 yildan buyon terining kuyish asoratlari, tug`ma qo`l-oyoq bo`g`imlari va boshqa kasalliklar bilan xastalangan uch yuz yigirma ikki bola Germaniyada davolandi.
Mamlakatimizdagi etakchi klinikalarda oyog`i, bo`yni, lab va tanglayida tug`ma nuqsoni bo`lgan nogiron va bemor bolalarga tibbiy yordam ko`rsatildi. O`ttiz nafarga yaqin bemor bolada plastik jarrohlik muolajalari bajarildi. Hamkorlik loyihasi davom etmoqda.