1

​“Bir qo`limda onam-u, bir qo`limda ayolim!”

Mutolaa 27.02.2017, 15:33
Teglar: Yuragimda saqlaganlarim
​“Bir qo`limda onam-u, bir qo`limda ayolim!”

Bugun yurtimiz chiroy ochib, dasturxonimiz to`kin-sochin. Xalqimiz turmush tarzi ham yuksalgandan-yuksalib bormoqda. Qadriyat, urf-odat va an`analarimiz ulug`lanib, ko`klarga ko`tarilmoqda.

Bu yaxshi albatta, afsuski, hozirgi kunda o`zini ko`z-ko`z qilib, boshdan-oyoq bachkanalikka yo`l qo`yayotgan ota-onalar ham ko`plab uchrab turibdi. Eng yomoni baxtni, oila totuvligini buyum, pul, mebel bilan o`lchaydigan, dunyoparast, biryoqlama fikrlovchilar isrofgarchilik bo`lishiga, shuningdek, o`zbek xalqining o`ziga xos urf-odatlari noto`g`ri talqin qilinishiga sababchi bo`lmoqda. Orzuga ayb yo`q! Ammo, bu isrof qilish kerak degani emas. To`g`ri, xalqimizda “uydagi gapni ko`chaga chiqarma” degan gap bor. Lekin bugun yuqorida ko`tarilgan masala birgina bizning oilaga xos emas. Balki, ko`plab ajralishlarga sabab bo`lib, jamiyat muammosiga aylanib borayotgani meni shu mavzuni ko`tarib chiqishga undadi!

Kollejni bitirib, oilaviy poliklinikada ishlab yurgan kezlarim uyimizga sovchilar kela boshladi. Oilada katta farzand bo`lganim uchunmi, har safar ular kelib-ketganida, ota-onam o`zlarini qo`yarga joy topolmay tipirchilab qolardi. O`zim ham g`alati ahvolga tushardim.

Shu orada qo`shni mahallada yashovchi yigit bilan unashtirildik. Kattalarning kelishuvi asosida o`n besh-yigirma kun deganda to`yimiz bo`ldi. Ota-onalarimiz biz uchun bor narsalarini o`rtaga tikib, qarz ko`tarib bo`lsa-da, qisqa muddat ichida dang`illama to`y qilib berdi. To`ydan keyin kelinsalom va boshqa urf-odatlar birin ketin o`tkazildi. Ikki tomon bir-birlariga sovg`alar ulashdi. Qarindosh-urug`, quda-anda, do`st-yorlar chaqirilib, ziyofatlar uyushtirildi. Har ikki tomonning ham ko`ngillari to`q, bir-birlaridan minnatdor edilar.

To`yimizdan bir oycha vaqt o`tib, qo`shnimiz kelin tushirdi. Qo`shnimizning to`yidan qaynonam kayfiyati buzilib qaytdi. Hammamiz atrofida girdikapalak bo`lib, uning ko`nglini olishga harakat qildik. Foydasi bo`lmadi, uning ko`ngli yozilmadi. Xullas, ertasi kuni meni yonlariga chaqirib gap boshladi “kelinposhsha qo`shnining kelini zamonaviy, qimmatbaho mebellar olib kelibdi, siznikidan ancha yaxshi” dedi. Nima deyishni bilmay er chizib qolaverdim. Qaynonam yana gap boshladi-da, “o`zi, boyiroq oilani topib quda bo`lish kerak ekan” deya qoshlarini chimirib bir qarab qo`ydi. Indamasdan chiqib ketdim-da, xonamizga kirib, o`ksib-o`ksib yig`ladim! Shundan so`ng, qaynonam har safar nimadandir kamchilik izlaydigan, ataylab kamsitadigan odat chiqardi. Hali challaridagi, latta-putta, lash-lushlar, hali kelinsalomdagi buyumlar barcha-barchasini bir-bir gapirib chiqdi. Qaynotam va turmush o`rtog`im menga e`tibor bermasligimni, xafa bo`lmasligimni aytib, o`g`lini qizg`onganidan shunday qilayotganini yotig`i bilan tushuntirishardi. “Onada farzandini qizg`onadi hali hammasi iziga tushib ketadi” deya qariyb bir yil kutdim.

Shu orada o`g`limiz Sherozbek tug`ildi. Xursandchiligimizning cheki yo`q, turmush o`rtog`im va qaynotam quvonganidan o`zlariga sig`maydi. Qaynonam ham benihoya suyunib ketdi. O`g`lim tug`ilishi qaynonamning menga bo`lgan munosabatini atigi bir haftaga o`zgartira oldi xolos! Uyimizdagilar beshik olib kelishadigan bo`ldi. Beshikto`yda yana xursandchilik qilindi. Ertasi kuni qaynonam beshikto`yda olib kelingan narsalarni kamsitib, yana janjal ko`tardi. Ajrashib ketay desam, turmush o`rtog`im yaxshi inson, qaynotam ham mulohazali, dunyoqarashi keng, oliyjanob odam. Qolaversa, farzandimni tirik etim qilishdan qo`rqaman. Qaynotam bir necha marta boshqa uyga alohida ko`chirib chiqarmoqchi bo`ldi. Lekin turmush o`rtog`im bitta o`g`il bo`lgani uchun unamadi.

Baxt buyum yoki pul bilan o`lchanmasligiga, o`g`lim tug`ilganidan so`ng yana bir bor amin bo`ldim. O`zimni dunyodagi eng baxtli ayollardan biri sifatida his qilaman. Oiladagi ayrim muammolar o`z-o`zidan echimini topib ketishiga ishonaman. Qaynonamning gap-so`zlariga ham ko`nikib qoldim. Muhimi, turmush o`rtog`im meni to`g`ri tushunadi. Unga ham qiyin meni deya onasiga qarshi chiqolmaydi, chiqmaydi ham. Uning mana shu xislatlarini qattiq hurmat qilaman! Ayolini onasidan ustun qo`ygan erkakdan nimani ham kutish mumkin. Shukrki, u bunaqa emas, menga xatolarimni yotig`i bilan tushuntiradi. Turmush o`rtog`im o`sha mashhur qo`shiqda aytilganidek, “bir qo`limda onam-a, bir qo`limda ayolim, ona-bola rishtasin bog`lamoqlik xayolim” deya qaynonam bilan munosabatlarimizni yaxshilashga urinayotgan ekan, qo`limdan kelgancha ularga yordam berishga harakat qilaman! O`ylaymanki, hali hammasi iziga tushib ketadi.

Qo`shnimizning eng zamonaviy, qimmatbaho mebellar bilan kelgan kelini Shahzoda bir oygina birga yashab keyin ajrashib ketdi. To`ylarida sochilgan dollarlar ham, Dubaydan kelirilgan mebellar ham, Fransiyadan olib kelingan atir-upalar ham, birontasi, ularning oilasini saqlab qololmadi, baxtli qila olmadi. Shunday ekan qaysidir bachkana, bo`lar-bo`lmas odatlarni urfga aylantirayotgan ota-onalar bir o`ylab ko`rsa yomon bo`lmas edi. Qolaversa, o`rtahol yashovchi insonlar ularga taqlid qilib, bir umr qarzdan boshi chiqmayotgani, natijada, oiladan baraka ketayotgani hech kimga sir emas!..

Ozoda Qobilova,
Toshkent shahri.

Sharhlar

​QIMMATGA TUShGAN “MUHABBAT”

25.07.2017, 11:04

Biron bir ishni boshlash oson kechmaydi. Nemislarda ham “hamma ishning boshlanishi og`ir” degan maqol bor. Qancha mehnat, mablag` va tinimsiz harakat zarur. Hujjatlarni to`g`rilash, ma`lum...
​Shubhaga ergashib…

11.07.2017, 12:11

Nasiba ko`zini to`yxonaning to`rt tomoniga yugurtirib erini izlay boshladi. Qani u? Topolmagach, o`rnidan turdi-da, butun tashvishlarini unutib sho`x taronaga raqs tushayotganlarni oralab, eshik tomon yurdi....
​Yaproqdagi nur

29.06.2017, 14:11

Qizlar yotoqxonasining yuqori qavatiga ko`tarilayotganimda qattiq hayajonlanib ketdim. Ko`rishmaganimizga ham ancha bo`ldi. Qanday kutib olarkin? Nimadan gap boshlasam ekan? Bu uchrashuvimiz nima bilan tugarkin? Har...
​MEHRIBON

28.06.2017, 15:27

Sobira kalendarga qaradi. O`n ettinchi fevral… Ertaga o`g`li bilan uchrashadi. Ikkilarining ham tug`ilgan kunlari. Yuragini temir qo`llar g`ijimlagandek bo`ldi. Sog`ingan, juda-juda sog`ingan…Uch yil muqaddam…Sobira o`zi...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1