1 mart kuni Toshkent shahrida “Taraqqiyot strategiyasi” markazining taqdimoti munosabati bilan press-konferensiya bo`lib o`tgani haqida xabar bergan edik.
Mazkur markaz O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning 5 ta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi hamda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturini samarali amalga oshirish maqsadida qator jamoat va davlat tashkilotlari tomonidan tashkil etildi. Tadbirga taklif qilingan biznes hamjamiyati, davlat va jamoat tashkilotlari hamda diplomatik korpus vakillari, jurnalistlar, ekspertlar mazkur media-voqelik jarayonida

“Taraqqiyot strategiyasi” Markazining maqsad va vazifalari bilan batafsil tanishish, Markazning rahbarlari va muassislari tomonidan uning kelajakdagi rejalari va istiqboldagi faoliyati haqida ma`lumotlar olish, Harakatlar strategiyasi to`g`risida kerakli axborotga ega bo`lish, shuningdek, Harakatlar strategiyasining 5 ta yo`nalishini amalga oshirish bo`yicha komissiyalarining mas`ul rahbarlari va a`zolariga o`zlarini qiziqtirgan masalalar bo`yicha savollar berish imkoniga ega bo`ldilar.

Markazning ochilish marosimida O`zEOAVMA boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov, “Harakatlar strategiyasi” Markazining ijrochi direktori Akmal Burxonov, EXHTning O`zbekistondagi loyihalari koordinatori Jon MakGregor, O`zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Alisher Shayxov so`zga chiqdi.

Tadbir davomida jurnalistlar va tadbirning boshqa ishtirokchilari markaz haqida o`zlarini qiziqtirgan ma`lumotlarga ega bo`lishdi.








