O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2 mart kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining siyosiy masalalar bo`yicha yordamchisi Miroslav Enchani qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning O`zbekiston Respublikasi ushbu tashkilotga a`zo bo`lganining 25 yilligi munosabati bilan yo`llagan tabrigi uchun minnatdorlik bildirdi hamda O`zbekiston BMT va uning tashkilotlari bilan hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashda davom etishini ta`kidladi, deya xabar beradi O`zA.
Prezidentimiz BMTning global xavfsizlik va barqarorlikni saqlash, ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolarni hal etish, terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, uyushgan jinoyatchilik hamda bugungi kunning boshqa xavf va tahdidlariga qarshi kurashishda tutgan muhim o`rnini alohida qayd etdi.
Mamlakatimiz bilan BMTning samarali hamkorligi yillarida O`zbekiston tomonidan ilgari surilgan Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud barpo etish, Afg`onistonga qurol-yarog` olib kirishga embargo qo`yish, “6+2” muloqot guruhini tuzish, shuningdek, mintaqamizda taraqqiyotga erishish, Orol dengizi qurishining oqibatlarini bartaraf etish masalalarini global darajaga ko`tarish va boshqa ko`plab tashabbuslar nafaqat BMT doirasida, balki xalqaro miqyosda qo`llab-quvvatlandi.
Suhbat chog`ida hamkorlikning dolzarb yo`nalishlari bo`yicha fikr almashildi va ko`rib chiqilgan barcha masalalar bo`yicha tomonlarning pozisiyasi o`xshash ekani ta`kidlandi. Istiqbolda o`zaro munosabatlarni kengaytirishning ustuvor yo`nalishlari ham muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari mamlakatimiz va butun Markaziy Osiyoda amalga oshirilayotgan rivojlanish jarayonlarida BMTni yanada faol ishtirok etishga, shuningdek, xavfsizlikni ta`minlash borasidagi mintaqaviy dolzarb masalalarni hal qilishda hamkorlikda ishlashga da`vat etdi.
Miroslav Encha samimiy qabul uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevga chuqur minnatdorlik bildirib, BMT O`zbekiston bilan aloqalarni yanada mustahkamlashga, o`zaro manfaatli barcha yo`nalishlarda keng ko`lamli hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini ta`kidladi.