Dilnoza Kubaeva marhum turmush o`rtog`i haqida gapirdi.
Aktrisa “Daryo” internet-nashriga bergan intervyusida birinchi va so`nggi muhabbati farzandining otasi ekanligini aytib o`tdi.
“Birinchi muhabbatim ham, balki so`nggi muhabbatim ham rahmatli jufti halolimdir. Turmush o`rtog`im juda ham oddiy, hokisor, halol odam edilar. Har xil mish-mishlar chiqqan, ammo u gaplar shunchaki mish-mish bo`lgan, xolos. Jufti halolimni roziligi uchun erimga bergan ahdimga sodiq qoldim, shu sababli ikki yil umuman ijoddan ketdim. Ularni norozi qilib biror narsaga erishishim mumkin emas edi. Xo`jayinim 30 yoshdan oshganda olamdan o`tdilar, ular mendan minnatdor bo`lib, rozi bo`lib: ‘Senga tarbiya bergan onangga rahmat!’, — dedilar. Bu gap men uchun butun umrga tatiydi. Shuning uchun o`g`limning ham oldida vijdonim pok, uning ko`ziga bemalol qaray olaman, unga ham barchasini ochiq-oydin aytaman.
Hammasi uchun roziman. Yaxshiyam sabrli bo`lgan ekanman, yaxshiyam qanaqa kun bo`lsa ham chidagan ekanman, yaxshiyam «kasbingni tashla» degan vaqtlarida tashlagan ekanman — mana yana ishlab ketdim. U insonni juda ham e`zozladim, xuddi yosh boladek. Kezi kelganda emizikli bolamni onamga tashlab, ular bilan birga kasalxonada qolganman.
Rahmatli turmush o`rtog`im tadbirkorlik bilan shug`ullanganlar, boladek beg`ubor, yaxshi inson bo`lganlar. «Kelgindi kelin» filmidagi rolimni ko`rib meni yoqtirib qolgan ekanlar. O`sha vaqtda ich-ichlaridan: «Shu qiz meni rafiqam bo`lsaydi», degan kechinma, tuyg`u o`tgan ekan. Keyinchalik: «O`sha vaqtda ichimdan o`tgan tuyg`u ijobat bo`lgan», deb xotirlab yurardilar. Mendan dastxat olish bahonasida teatrga kelganlaridan so`ng tanishib qolganmiz”,—deydi Dilnoza Kubaeva.
Aktrisa suhbat davomida kinoda kamnamoligi sabablari, hayotidagi unutilmas kunlar, yosh aktrisalarga munosabati haqida to`xtalib o`tgan.