Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori imzolandi.
Mamlakatimizda mo``tabar ayol zotiga munosib hurmat-ehtirom ko`rsatish, ularning jamiyatimizdagi o`rni va nufuzini oshirish, sog`lom va barkamol avlodni voyaga etkazish, o`zining iqtidori va ibratli faoliyati bilan yoshlarga o`rnak bo`lib kelayotgan qizlarni rag`batlantirish maqsadida hamda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999 yil 10 iyundagi «Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ta`sis etish bo`yicha takliflarni qo`llab-quvvatlash to`g`risida»gi Farmoniga asosan Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining iqtidorli qizlari a`lo xulqi, noyob iste`dodi, zukkoligi, tashabbuskorligi, o`qishdagi muvaffaqiyatlari hamda adabiyot, madaniyat, san`at, ta`lim va sport sohalaridagi alohida yutuqlari uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bo`yicha ko`zda tutilgan 14 ta mukofot o`rniga 2017 yil uchun istisno tariqasida Qoraqalpog`iston Respublikasining 2 nafar, viloyatlar va Toshkent shahrining 1 nafardan vakilalariga – jami 15 ta mukofot berildi.
Taqdirlanganlarga 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayramiga bag`ishlab o`tkaziladigan tantanalarda sovrindorlik diplomlari va ko`krak nishonlari topshirildi.
Sovrindorlarning har biriga eng kam oylik ish haqining 50 baravari miqdorida pul mukofoti beriladi.
Bu yil taqdirlangan qizlarga mukofotlarni ilk bor Prezidentning o`zi tantanali ravishda topshirdi.






