Avval xabar qilinganidek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan 6 mart kuni davlat tashrifi bilan Ashxobodga keldi.
Tashrif chog`ida Shavkat Mirziyoev Gurbanguli Berdimuhamedovga mamlakatimizda yaqinda chop etilgan Maxtumqulining “Elingga baxsh ayla” deb nomlangan kitobini sovg`a qildi. Turkmaniston Prezidenti kitob eng yaxshi tuhfa ekanini ta`kidlab, Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi, deb yozadi O`zA.
Kunning ikkinchi yarmida Prezidentlar Xalqaro Axalteki otlari majmuasi bilan tanishdilar. Turkmaniston Prezidenti davlatimiz rahbariga zotdor ot sovg`a qildi.
Prezidentimiz Turkmaniston Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo`ydi. Faxriy mehmonlar xiyoboniga ko`chat o`tqazdi. Bu xiyobonga Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov 2007 yilda ko`chat o`tqazgan edi.
Davlatimiz rahbari Saparmurat Niyozov maqbarasiga gul qo`ydi. O`tganlarning ruhi poklariga Qur`on tilovat qilindi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Turkmanistonga davlat tashrifi davom etmoqda.