Respublikamizda tadbirkorlikni rivojlantirish, ishlab chiqaruvchilarni qo`llab-quvvatlash borasida keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga bojxona sohasida ham qator imtiyozlar va qulayliklar joriy qilingan.
Afsuski, berilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish o`rniga, o`zlari uchun egri yo`lini tanlagan shaxslar ham uchrab turibdiki, respublikamiz bojxonachilari tomonidan ularning qing`ir qilmishlariga chek qo`yilmoqda.
Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari “Sergeli” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida olib kirilgan tovar-moddiy boyliklar uchun davlat byudjetiga undiriladigan bojxona to`lovlaridan bo`yin tovlash maqsadida sodir etilgan navbatdagi nayrangni fosh etishdi.
Namangan viloyatida ro`yxatda o`tgan “M.G” mas`uliyati cheklangan jamiyat vakillari ushbu tashkilot nomiga Koreyadan yuborilgan umumiy qiymati 1 mlrd. 107 mln. so`mlik 320 ming donadan ortiq bir martalik ustaralarni bojxona yuk deklarasiyasida ustara uchun lezvielar sifatida qayd qilishgani fosh qilindi.
Ekspertiza jarayonida ma`lum bo`lishicha, uddaburonlar bojxonachilarning ko`zini shamg`alat qilish maqsadida ushbu tovarlarga tegishli yuk-kuzatuv xujjatlaridagi yozuvlarni ham o`zgartirishadi. Bu ham etmaganidek, jamiyat surishtiruvlar davomida bojxonachilarga qalbaki lisenziyani ham taqdim qilgan.
Shu tariqa soxta tadbirkorlar mazkur tovarga tegishli haqiqiy tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklatura kodlarini boshqasiga o`zgartirish orqali davlat byudjetiga aslida undirilishi lozim bo`lgan taxminan 800 mln. so`mlik bojxona to`lovlaridan bo`yin tovlashgan. Bu haqda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Axborot xizmati xabar berdi.
O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182-moddasiga muvofiq korxona mansadbor shaxslariga nisbatan bojxona hujjatlari hamda vositalariga o`xshatib yasalgan hujjatlardan aldash yo`li bilan foydalangan holda juda ko`p miqdordagi tovarlarni O`zbekiston Respublikasi bojxona chegarasidan noqonuniy o`tkazishga urinishgani sababli jinoiy ish qo`zg`atildi.






