Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari Doniyor Toshxo`jaev kuni kecha hafta davomida Ichki ishlar va prokuratura organlari tomonidan olib borilgan ishlar yuzasidan brifing o`tkazdi.
Brifingda 2017 yilning 3 dan 9 mart kuniga qadar Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi sohaviy xizmatlari tomonidan jamoat tartibini saqlash, fuqarolarni xavfsizligini ta`minlash, sodir etilgan jinoyatlarni “issiq izi”dan fosh etish, jinoyatlar sodir etilishini oldini olish va profilaktikasi borasida amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berildi.
Har bir sodir etilgan jinoyat uchun javobgarlik muqarrarligini ta`minlash maqsadida,jinoyatchilikka murosasiz kurashish borasida ko`rilayotgan chora-tadbirlar natijasida fosh etilmagan 30 ta jinoyatlar fosh etildi. Shulardan 14 ta – o`g`irlik, 11 ta – firibgarlik, 3 ta – talonchilik, 1 ta – bezorilik va 1 ta –tan jarohati etkazish jinoyatlaridir.
Shuningdek, qidiruvda bo`lgan 45 nafar shaxslar ushlandi.
Shuni ham aytib o`tish lozimki, hafta davomida mulkiy turdagi jinoyatlarning sodir etilishini oldini olish maqsadida, ko`p qavatli uylar atrofiga, jinoyat sodir etilishi ehtimoli yuqori bo`lgan joylarga
- 561 ta videokuzatuv moslamalari o`rnatildi,
- 90 ta xonadonlar va ob`ektlar zamonaviy qo`riqlov pultlariga ulandi.






