AsosiyJinoyat
12530

​Shubha-gumonlar domidagi ota o`z farzandining qotiliga aylandi

'​Shubha-gumonlar domidagi ota o`z farzandining qotiliga aylandi'ning rasmi

Oila muqaddas maskan. Bu qo`rg`onning ustuni, tayanchi otadir. Shu sababdan bo`lsa kerak, har bir farzand o`z padariga nisbatan cheksiz hurmat-ehtirom ko`rsatadi. Xalqimizda “Ota rozi — xudo rozi” degan naql ham bejizga aytilmagan. Ammo afsuski, bugungi kunda ota o`z ma`suliyatini, farzand esa burchini unutib qo`yish holatlari uchramoqda. Buning natijasida oilada noxush vaziyatlar kelib chiqmoqda. Hatto ota o`z jigarbandining qotiliga aylanib qolish holatlari yuz bermoqda.

Sodiq Jaliev (ism-familiyalar o`zgartirilgan) shunday shaxslardan hisoblanadi. U fermer xo`jaligi tashkil etib, baliqchilik bilan shug`ullana boshlaydi. Shu mehnati ortidan uch farzandni tarbiyalab, oilasi bilan baxtli hayot kechirardi. Lekin ularning turmushiga ko`z tegdi.

TOG`ANING IDDAOSI

U 2013 yil taxminan oktyabr oylarida turmush o`rtog`ining tog`asi bilan birga to`yda o`tirishadi. Ziyofat avjida. Suhbat qizigandan qizigan. Eng qaynoq nuqtada esa Sodiq ayolining tog`asi bilan hamsuhbat bo`ladi. Ularning suhbati orasida tog`a aytgan gaplar Sodiqning xayolini alg`ov-dalg`ov qildi:

— Bilasanmi, farzandlaringning haqiqiy otasi menman.

Bu gapdan hushini yo`qotgudek bo`lgan Sodiq quloqlariga ishonmaydi, jahl otiga mindi:

— O`ylab gapiryapsizmi?!

— Menga ishonmasang borib turmush o`rtog`ingdan so`ra, haqiqatni aytadi.

Sodiq bu gapdan jahl otiga minib shaxt bilan to`yxonani tark etadi:

— Agar gaplaring to`g`ri chiqsa, ikkalangni ham sog` qo`ymayman, — deydi u ketayotib tog`aga zarda bilan.

XOTINNING TAKLIFI

Sodiq to`yxonadan otilib chiqqanicha zudlik bilan uyiga etib boradi. Jahl otiga mingan Sodiq ayolini chaqiradi va eshitganlariga aniqlik kiritishga urinadi:

— Sen menga xiyonat qilibsan, bolalaringning otasi boshqa ekan.

Ayol erining vajohatidan qo`rqsa-da, bunday ayblovni bo`yniga olmadi.

— Nimalar deyabsiz? Bu gaplarni qaerdan topdingiz? — javob qaytardi tili bazo`r aylanib. Sodiq bu gaplarning xotinining tog`asidan eshitganini aytgach, ayol o`zini oqlashga kirishdi va erining shubhalarining yagona echimi bo`lgan DNK tekshiruvi o`tkazishni ta`kidladi.

— Bunday bo`lmag`ur gaplarni yig`ishtiring, men sizga hech qachon xiyonat qilmaganman, agar menga ishonmasangiz o`g`limizni DNK tekshiruvida o`tkazing, — ko`zlarida yosh bilan so`zladi ayol.

G`IShT QOLIPDAN KO`ChDI

Garchi DNK tekshiruvi natijasi ijobiy chiqqan bo`lsa-da, Sodiqning ich-etini ayoli va farzandlariga nisbatan shubha-gumon tirnardi. Shu voqeadan keyin oilada tinch-totuvlik va xotirjamlik o`rnini kelishmovchilik, notinchlik egalladi. Natijada Sodiq barcha alamini ichkilikdan ola boshladi. Uyga mast holatda kelib janjal ko`taradigan, ba`zida esa xonadoniga kelishni istamay dala hovlisida tunab qoladigan odat chiqardi. O`z jigargo`shalariga nafrat ko`zi bilan boqardi. Oiladagi tortishuvlar o`zaro oilaviy janjallar tez-tez takrorlanishi odatga aylandi. Boshida farzandlar otasini bu qiliqlariga, haqoratlariga indamay jimgina turardi. Ammo pichoq suyakka qadalgudek tus olgan mojarolardan keyin sekin-asta farzandlarning ham bardoshi tugab padariga javob qaytaradigan bo`ldi. Buning natijasida er-xotin, ota-farzand munosabatlariga darz ketdi. Bunday vaziyatning oxiri yaxshilikka olib kelmasligi aniq edi.

QASOSGA UNDAGAN NAFRAT

2015 sentyabr oyi. Nonushta vaqti. O`g`il otadan iltimos qiladi:

— Dada, bugun “Malibu”ni berib turing.

— Nima qilasan?

— To`y bor, shunga minib chiqmoqchiman.

— Olaver, faqat mashinaning ichida hujjat, ov miltig`im, yana bir necha narsalar bor. O`shalarni “Neksiya”ga olib qo`y. Kech qolib ketma, ishlarga yordam berasan.

Bu nonushtadagi muloqotdan so`ng farzand o`z yo`liga, ota o`z ishiga yo`l oldilar. Sodiq baliqchilik xo`jaligiga borib, ishchilarni nazorat qilib, bugungi qilinadigan yumushlar yuzasidan topshiriqlar berdi. So`ngra dala hovlisida tushlik qildi. Ovqatlanish davomida aroq ichishni ham unutmadi. Oradan ma`lum vaqt o`tib, o`g`il mashinasida otasining oldiga keladi.

— Nega kech qolding, senga erta kel, degandim-ku, — shirakayf ota farzandini so`roqqa tutdi.

— Kechiring, shunday bo`lib qoldi.

Ammo otani farzandining bu uzr-ma`zuri qoniqtirmadi. Shundan so`ng ota o`g`lini haqorat qila boshladi. Farzand dadasining spirtli ichimlik ichganini sezib tursa-da, haqoratlariga chidab turolmay javob qaytaradi. Qarasa, padariga hech narsani tushuntirib bo`lmaydi. Shartta avtomobilini minib ortiga qaytib ketadi. Bundan jahli chiqqan Sodiq uning ortidan mashinasida quvib ketadi. O`g`il uyga kelib, sodir bo`lgan voqea haqida onasiga so`zlab turgan vaqtida darvozadan shiddat bilan ota kirib keladi.

— Hali meni hurmat qilmay qo`ydingmi, — deya turli xil so`zlar bilan haqoratladi. Bunga qanoat qilmay qo`llarini ham ishga soldi. O`z o`rnida farzand ham bunga jim qarab turgani yo`q.

— Seni otib tashlayman, — ota shunday deya ov miltig`i tomon talpindi. Lekin o`g`il bir amallab otasining qurolni olishiga imkon bermaydi. Sodiq o`g`li va ayoliga kuchi etmasligini sezib, yuz-ko`zlari, kiyimlari qon holatda ortga qaytdi. Dastlab akasining uyiga kiradi.

— Senga nima bo`ldi? Kim jarohat etkazdi? — so`radi Sodiqning og`asi.

— Og`a, meni bolalarim urib o`ldirmoqchi, yuz-ko`zimga qara, urib tashladilar, — deb javob qaytardi.

So`ngra qo`shnisining mashinasini olib dala hovlisi tomon jo`naydi. U erda tinch o`tirolmaydi. Uni nafrat qasos o`ti qiynay boshlaydi. O`g`lining bu qilmishiga qanday munosib javob qaytarish haqida o`ylardi. “Jahl chiqqandan aql ketadi” deb bejiz aytilmagan. Oxiri uni o`ldirishga qaror qiladi. Shu maqsadda qo`liga pichoq olib uyi tomonga yo`l oladi. Chetroqda bir muddat kutib turadi. Nihoyat, kutilgan og`riqli daqiqalar etdi. O`g`il darvozadan chiqdi. Darvozadan o`g`li chiqishi bilan ota uning oldiga bordi va... ayanchli maqsadini amalga oshirdi. Nafrat va qasos o`ti bilan o`g`lini qonga belagan ota zudlik bilan voqea joyini tark etdi. Lekin u qonun himoyachilarining qarorlarini chetlab o`tolmadi. Qotil ota qo`liga kishan taqildi.

Jinoyat ishlari bo`yicha Xorazm viloyati Yangiariq tuman sudi spirtli ichimlik iste`mol qilgan holda, insonparvarlik tamoyilini chetlab o`tib, shaxsga qarshi qaratilgan jinoyatlar turkumiga kiruvchi qasddan odam o`ldirish jinoyatini sodir qilgani uchun sudlanuvchini O`zbekiston Respublikasi JK 97-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topdi va shu huquqiy asos bilan 10 (o`n) yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

O`.MAShARIFOV,
Jinoyat ishlari bo`yicha Xorazm viloyati
Yangiariq tuman sudi sudyasi
Zuhriddin RAHMONOV, jurnalist

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar