AsosiyJamiyat

​O`zbekiston Prezidenti va belgiyaliklar qiroli bir-birlarini qutladilar

'​O`zbekiston Prezidenti va belgiyaliklar qiroli bir-birlarini qutladilar'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi va Belgiya Qirolligi o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganining 25-yilligi munosabati bilan Belgiyaliklar Qiroli Filipp Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevga tabrik yo`llagan.

Belgiyaliklar Qirolining qutlovida bunday deyiladi: “2017 yilda Belgiya va O`zbekiston o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganining 25 yilligini nishonlayotganimiz menga katta mamnuniyat bag`ishlaydi.

O`tgan yillarda mamlakatlarimiz o`rtasidagi hamkorlik turli sohalarda muvaffaqiyatli rivojlanmoqda, ikki tomonlama munosabatlarimizning muhim asosi bo`lgan do`stona aloqalar va o`zaro anglashuv izchil mustahkamlanmoqda”.

Belgiya Bosh vaziri Sharl Mishel O`zbekiston rahbariyatini qutlar ekan, “O`zbekiston mustaqillikka erishgan kundanoq o`z suverenitetini mustahkamladi hamda mintaqaning muhim siyosiy va iqtisodiy salohiyatga ega davlatiga aylandi. O`tgan davr mobaynida mamlakatlarimiz samarali hamkorlik qilib kelmoqda, ammo uni yanada diversifikasiya qilish borasida katta salohiyat mavjud”.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning tabrigida “o`tgan davrda ikki davlat o`rtasida mustahkam do`stlik va o`zaro anglashuv an`analariga asoslangan ezgu va amaliy munosabatlar o`rnatilgan”i mamnuniyat bilan qayd etilgan.

Davlatimiz rahbari “O`zbekiston o`zaro va ko`p tomonlama hamkorlik masalalari – siyosiy-diplomatik va madaniy-gumanitar sohalar, savdo, investisiyalar va yuqori texnologiyalarga doir aniq dastur va loyihalar bo`yicha samarali va o`zaro foydali hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor” ekanini ta`kidlagan.

O`zbekiston Prezidenti ikki mamlakat o`rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan birgalikdagi sa`y-harakatlar davom ettirilishiga, hamkorlik o`zaro hurmat, teng huquqlilik va ishonch tamoyillari asosida yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirgan.

Boshqa yangiliklar