Buyuk Britaniyaning Kent grafligida o`tkazilgan auksionda nomi oshkor etilmagan xaridor Gitlerning shaxsiy suratlari o`rin olgan albomni 41 ming dollarga sotib oldi, deb xabar berdi Ria.ru nashri.
Mazkur fotoalbom 1945 yilning aprel oyida sobiq sho`ro askari tomondan Gitlerning bunkeridagi Eva Braunning yotoqxonasidan topilgan va britaniyalik fotosuratchi Edvard Din, diktor Richard Dimblbilarga taqdim etilgan.
Oq-qora suratlardan iborat fotoalbomda Gitler Yozef Gebbels, German Gering va Genrix Gimmlerlar bilan birga tushgan, shuningdek fyurer avtomobilda ketayotganda olomon uni olqishlayotgani aks etgan suratlari mavjud. Fotosuratlardan birida Gitlerning ayvonda kitob o`qib o`tirgani aks etgan. Ekspertlarning fikricha, bunday rakursdagi suratni faqatgina ruxsatnomasi bo`lgan insongina suratga olishi mumkin. Fotoalbomning boshlang`ich qiymati 18 ming dollar, deb baholangan edi.