AsosiyJamiyat

​Haydovchining loqaydligi egri niyatli kimsalarga qo`l keldi

'​Haydovchining loqaydligi egri niyatli kimsalarga qo`l keldi'ning rasmi

Nasriddin afandi qo`shnisi bilan suhbatlashib turgan ekan, qo`shni to`satdan ko`zi tushib qolgan tomonga qarab debdi:

– Afandi qarang, mahallada begona odam qo`y etaklab kelyapti.

Afandi beparvolik bilan javob beribdi:

– Menga nima?

Notanish mehmonni kuzatib turgan qo`shni davom etibdi:

– Iya, u qo`yni sizning uyingizga olib boryaptiku!

Shunda Afandi gapni qisqa qilibdi:

– Senga nima?

Loqaydlik, o`z manfaati yo`lidagi beparvolik azaldan jamiyatning eng og`riqli muammosi bo`lib kelganligi ushbu latifada ham o`z isbotini topgan.

Sirdaryolik Sardor va Sharofiddin (ismlar o`zgartirildi) o`ziga naf kelsa har qanday qing`ir ishga ham ko`z yumadigan, yosh umri zavol topayotgan o`spirinning jinoyat botqog`iga borgan sari botib ketayotganini beparvolik bilan kuzatib turadiganlar xilidan ekan.

Hali voyaga etmagan bo`lsada, bir necha bor jinoyatga qo`l urgan Farhod uchun hayotning mazmuni shu kunni kayf-safoda o`tkazish, qanday yo`l bilan bo`lmasin, oson pul topishdan iborat bo`lib qolgandi. Qadamini qanday bosayotganini surishtirish, nazoratga olish uchun uyida hech kim o`zini mas`ul sezmagani etmagandek, ko`chada ham «qulog`ini cho`zib qo`yishi» kerak bo`lgan «aka»lari uning o`g`irlik ortidan topgan «nasibasi»ga ko`zni chirt yumib sherik bo`lishi Farhodning ko`nglida ba`zida uyg`onadigan nadomat uchqunlarining ustiga tuproq separdi.

Ana shunday hayot tarziga o`rganib qolgan Farhod navbatdagi «o`ljasi»ni topish ilinjida dehqon bozori yaqinida atrofni diqqat bilan kuzatardi. Bozor atrofi hamisha gavjum bo`ladi. Ayniqsa, dam olish kunlari. Ana shu izdihomni bir chekkada kuzatib turgan Farhodning e`tiborini yo`l chetiga kelib to`xtagan yuk mashinasi tortdi. Shoshilayotgani harakatlaridan shundoqqina sezilib turgan haydovchining mashina eshigini naridan-beri yopgani uning ko`nglida umid uyg`otdi. Bir muddat atrofni kuzatgach, mashinaga yaqinlashdi. Boya uyg`ongan umid endi aniq va qisqa rejaga aylandi. Chunki avtoulov egasi shoshilinchda mashina eshiklaridan birini qulflashni unutgandi. Eshikni ochib, ichkariga bosh suqqan Farhod o`z mashinasida unutib qoldirgan narsasini izlayotgan kishiday tezlik bilan hamma yoqni ko`zdan kechira boshladi. O`lja ham o`zini uzoq kuttirmadi. Ko`zdan pana qilib o`rindiq ostiga yashirilgan dasta-dasta pullarni ko`rgan Farhodning ko`zlari chaqnab ketdi. Pullarni betartib tarzda duch kelgan cho`ntagiga, kiyimining ichiga solib, shu yaqin o`rtada mijoz kutib turgan kirakash mashinalardan biriga o`zini urdida, o`g`irlagan pullarni ko`ngilxushliklarga sarflash niyatida Sharofiddinning uy manzilini aytdi...

Sharofiddin Farhodning navbatdagi «o`ljasi» ancha salmoqli bo`lganini bilgach, darhol Sardorga qo`ng`iroq qildi. Oradan biroz vaqt o`tib, Sardor ham etib keldi. «Uzumini engu, bog`ini so`ramang» naqliga qat`iy amal qiladigan ikki «aka» buncha pulni sarflash uchun shahri azim Toshkentga borish kerak, degan xulosaga kelishdi. Uchovlon darhol safar tadorigini ko`rib, yo`lga chiqdi.

Toshkentdan kunni kech qilib qaytgan «uch og`ayni botirlar» oqshomgi ko`ngilxushlikni o`zlarining qadrdon kabobxonalarida davom ettirishar ekan, bazmu jamshid uchun keyingi kunlarning rejasini maslahatlashib o`tirishdi. Ammo bu safar rejalarni yakunlash ularga nasib etmadi. Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida hamtovoqlar qo`lga olinib, qonun oldida javob berishiga to`g`ri keldi.

Sanjar QURBONMUROTOV.

Sirdaryo viloyati.

Manba: O`zbekiston Respublikasi IIV matbuot xizmati

Boshqa yangiliklar