O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboevning taklifiga binoan 2017 yil 22-23 mart kunlari davlat tashrifi bilan Qozog`istonda bo`ladi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralarda O`zbekiston va Qozog`iston o`rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, transport-kommunikasiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari muhokama qilinadi.
O`zbekiston tashrifi doirasida Ostona shahrida O`zbekiston Milliy sanoat ko`rgazmasi va ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining nufuzli delegasiyalari ishtirokida qo`shma biznes-forum o`tkazilishi ko`zda tutilgan.
Tashrif yakunlari bo`yicha davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo bir qator muhim hujjatlar, shuningdek, O`zbekiston – Qozog`iston hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarishga qaratilgan salmoqli tijoriy shartnomalar imzolanishi rejalashtirilgan.