Navro`z umumxalq bayrami arafasida “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan xalqimizga munosib sovg`a hozirlandi.
Joriy yil 6 mart kuni yurtimizga olib kelingan yangi “Afrosiyob” yuqori tezlikda harakatlanuvchi zamonaviy elektropoezdi bugundan boshlab Toshkent-Buxoro-Toshkent yo`nalishida ilk bor tijorat qatnovini boshladi, bu haqda kompaniya axborot xizmati xabar berdi.
Shuni alohida ta`kidlash joizki, 2011 yildan boshlab hozirgacha yurtimizda 2 ta yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoezdi yo`lovchilarga xizmat qilib kelayotgan edi. Yangi “Afrosiyob” elektropoezdi oldingilariga qaraganda ko`proq imkoniyatga ega. Xususan, shu vaqtga qadar xarakatlanayotgan yuqori tezlikdagi elektropoezdlar 215 nafar yo`lovchiga mo`ljallangan bo`lsa, yangi poezdda bemalol 287 nafar yo`lovchiga xizmat ko`rsatiladi. Unda ekonom toifali vagonlar soni 2 taga ko`p. Bu bir vaqtning o`zida yana qo`shimcha 72 nafar yo`lovchini o`z manziliga etkazish imkoni demakdir.
Raqamlarga murojat qiladigan bo`lsak, Markaziy Osiyoda birinchi bo`lib mamlakatimizda yo`lga qo`yilgan “Afrosiyob–1” va “Afrosiyob–2” yuqori tezlikda xarakatlanuvchi elektropoezdlarining har biri bugungi kungacha 1 million kilometrdan oshiq masofani bosib o`tdi. Bu vaqt oralig`ida 5 yarim mingga yaqin tijorat qatnovi amalga oshirilib, 1 mln 50 ming nafarga yaqin yo`lovchi o`z manziliga etkazildi.
Yaqin kunlarda mamlakatimizga yana bitta ana shunday zamonaviy elektropoezd olib kelinadi. Bu bilan yurtimizda yuqori tezlikda harakatlanuvchi poezdlar soni 4 taga etadi. Bunday zamonaviy elektropoezdlar uchun “O`ztemiryo`lmashta`mir” sho``ba korxonasi hududida xizmat ko`rsatish sexi qurilmoqda.
Bugun erta tongda Toshkent markaziy vokzalida O`zbekiston temir yo`lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tomonidan ushbu zamonaviy “Afrosiyob” elektro poezdida faollik ko`rsatib kelayotgan bir guruh xodimlarga, jumladan, mashinist va styuard hamda styuarddessalarga Navro`z umumxalq bayrami munosabati bilan qimmatbaho sovg`alar topshirildi.
Axborot xizmati






