1

​Sardor Mamadaliev: “Shohjahonning yutug`i uning Sherali Jo`raevning o`g`li ekanligida”

Shou-biznes 22.03.2017, 16:13
Teglar: Shou-biznes
​Sardor Mamadaliev: “Shohjahonning yutug`i uning Sherali Jo`raevning o`g`li ekanligida”

Xonanda Sardor Mamadaliev “Darakchi” gazetasining “10 qaltis savol” loyihasida ishtirok etdi.

1. O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Alisher Fayz “Xonanda o`z yo`lini topishi uchun avvalo zo`r taqlidchi bo`lishi kerak”, — degandi. Siz Vladimir Vsoskiy, Toto Kutuno va Rustam G`oipovga taqlid qilasiz. Zo`r taqlidchi bo`lish qiyin ekanmi?

— To`g`ri, hamma ijodni taqliddan boshlaydi, men ham bu jarayonni chetlab o`tganim yo`q. Hanuz o`z yo`limni izlayapman, o`z yo`nalishimni yuz foiz topa oldim, deyolmayman. Tinimsiz izlanish, mehnat va tajriba ortidan o`z “men”imiz topiladi. Masalan, O`zbekiston xalq artisti Sherali Jo`raev ham ijodi avvalida ustoz san`atkor Faxriddin Umarovga taqlid qilgan. O`z yo`nalishini topishi uchun yillar sarflagan. Menga kelsak, izlanib-izlanib qachondir o`z yo`nalishimga ega bo`laman.

2. Nega mashhur qo`shiqlarni qayta kuylayverasiz? Mualliflik qo`shiqlarini ko`paytirganingiz yaxshi emasmi?

— Qayta kuylangan, degan fikrga qo`shilmayman. Boisi avval kuylangan qo`shiqlarni xuddi o`zidek qilib kuylagan emasman. Shunchaki ularning she`riga murojaat qilib, o`zim kuy bastalab, o`z yo`nalishimda kuylaganman. Masalan, “Seni bugun ko`rmasam bo`lmas” she`rini ustoz san`atkorlar Yulduz Usmonova, Oxunjon Madaliev va men ham qo`shiq qilganmiz. Haqiqat shundaki, har birimiz turli yo`nalishda va yuragimiz amriga ko`ra kuylaganmiz. Negadir faqat mening talqinimga ko`p tosh otiladi. Demak, muvaffaqiyatli qo`shiq chiqqandirki, hammaning e`tibori menda, bu yutuq-ku (kuladi). Hech kimning tiliga tushmaslik bu — fojia.

3. Tashqi ko`rinishdan juda manman, o`ziga yuqori baho beradiganga o`xshaysiz. Bu imkoniyatlaringizga ortiqcha baho berishmasmi?

— Aslo. Tashqi ko`rinish aldamchi bo`ladi. Men bilan suhbatlashganlar “yanglishgan ekanman”, deya doim fikrini o`zgartirgan.

4. Tanqidlarga javoban “Mevali daraxtga tosh otiladi”, deysiz. Tanqidni to`g`ri qabul qilolmaysizmi?

— O`rinli tanqidni hazm qilaman. Masalan, ilk konsert dasturimda uchtagina qo`shiqni jonli ijroda kuylaganman. “Nega jonli kuylamading?” deb tanqid qilishdi. Qabul qildim va keyingilarida bitta “blok” to`liq jonli kuylaydigan bo`ldim. “Nega falonchi xonandaning qo`shig`ini kuyladingiz?” degan tanqidni qabul qilolmayman. Oylab, yillab musiqa bastalab, mualliflik qo`shiq kuylasamu, tosh otilaveradi. O`sha qo`shiqlarim “xit” darajasiga etdi ham. Lekin “Bu Oxunjon Madalievning qo`shig`i-ku”, deyishadi. To`g`ri, mendan avval ijro qilishgan, biroq meni yo`nalishim boshqa-ku. Musiqiy bilimi borlar ham shunday deb turgandan keyin nima deyishimni ham bilmay qolaman.

5. Do`stingiz — xonanda Qilichbek Madaliev bilan munosabatlaringiz sovuqlashishiga nima sabab bo`ldi?

— Qilich g`iybat qiladigan yigit emasdi, hayronman. Yuz foiz aminmanki, do`stim kimnidir fikriga quloq tutib, “Otamning qo`shiqlarini kuylayapti”, mazmunidagi “arzon” gaplarni gapirib yuribdi. Orqadagi odam oldindagisiga tosh otadi, aksincha emas. Demak, oldindaman, bundan xursand bo`lish kerak.

6. Nima uchun ko`pchilik imidjingizni qabul qilolmaydi?

— Moda ortidan quvadigan inson emasman. Xonandaman, qo`shig`imnigina qabul qilishsin. Tashqi ko`rinishimni qabul qilish yo qilmasliklari menga mutlaqo qiziq emas. Kiyinishim emas, qo`shiqlarim uchun muxlislik qilishsin. Kiyinishni joyiga qo`yib, qo`shiq kuylashni bilmaslik kulgili holat, aksi bo`lsa aybmas. “Usti yaltiroq, ichi qaltiroq” bo`lgim kelmaydi.

7. Shohjahon Jo`raev, Botir Qodirov, Aslbek Ne`matov va Sardor Mamadalievning ijoddagi o`xshash va ustun jihatlari nimada?

— O`xshash jihatimiz, hammamizning ovozimiz bas-bariton. Lekin barchamizning o`z dunyoqarash, dard va “yuragimiz” bor. Aslbek raqs tushib, qo`shiq kuylay oladi. Shohjahonning yutug`i Sherali Jo`raevning o`g`li ekanida. Botir akaning yutug`i, zo`r ijrochi. Nomlari sanalgan xonandalar orasidan aynan Botir Qodirovning muxlisiman, “yuragi” bor, qo`shiqning ichida “yashaydi”. Jonli ijroda kuylash borasida ham Botir akani ustun qo`yaman. O`zimga kelsak, Vsoskiyga o`xshash ovozni qirib qo`shiq kuylashim yangilik bo`ldi. Masalan, 2011 yil “Seni hech kim sevolmaydi meningdek” qo`shig`im juda katta muvaffaqiyat olib kelgan. O`sha yili yakkaxon konsert dasturimni o`tkazganman, qo`shni davlatlarda gastrollarda bo`lganman. Ijoddagi topilmam ortidan omad kulgan. Bunga qadar kuylagan qo`shiqlarim e`tiborsiz qolavergani ham so`zim isboti.

8. O`zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova “Qarsak mehnatimiz uchun chalinadi, o`zimizga emas! Ovoz ham pichoqqa o`xshagan “musiqa asbobi”. Charxlab turmasa, o`tmas pichoqdan farqi qolmaydi”, — degandi. Usmonova 30 yildan buyon sahnada, biroq haligacha solfedjio, vokaldan dars oladi. Siz-chi?

— Yulduz Usmonova haqiqiy san`atkor, shu bois professionallikdan kelib chiqib, ish tutadi. Vokalga kollejda o`qib yurgan vaqtimda ham qiziqmaganman. Asli yo`q narsani bor qilib bo`lmaydi-da. Vokalga ishim tushmagan, balki ehtiyojim bo`lmagandir. Doimiy jonli ijro kuylaganimning o`zi men uchun — vokal darsi. To`y mavsumi bo`lmagan payt, studiyada qo`shiq kuylayman. Ostona hatlab, uyga kirganimda ham eng avval qiladigan ishim — qo`limga gitara yo torni olib, qo`shiq kuylash, yo`qsa xumorim bosilmaydi.

9. Xonanda sifatida xalq xizmatchisimisiz yo chiroqdek yonib turadigan “yulduz” darajasiga etdingizmi?

— Ozmi-ko`pmi muxlisiga ega barcha san`atkorlar “yulduz”. Bunday bo`lmaganida xalq xizmatlarga chaqirmagan bo`lardi. Faqat hammaning “yulduz”lik borasidagi o`z o`lchamlari bor. Lekin o`zimning katta yo kichik “yulduz” ekanimni bilmayman (kuladi).

Qilichbek Madaliev, xonanda

— Yigit kishi bergan va`dasini bajarishi lozimmi yo qandaydir bahonalar bilan uni chetlab o`tishi kerakmi?

— Ustozimning farzandi bo`lganingiz uchun ham ko`proq hurmat qilaman, yaxshi yigitsiz. Savolga kelsak, sizga va`da bergan emasman. Chunki otangizning birorta qo`shig`ini buzib emas, o`z talqinimda kuylayapman. Kimlargadir quloq tutib, noto`g`ri fikr bildirib yuribsiz. Boshqalarning fikri bilan emas, o`zingizniki bilan yashasangiz yutuqlarga erishasiz. Bu aka sifatidagi maslahatim, xolos. Biz san`atkorlar go`zallikka shaydo insonmiz, unday “arzon” gap-so`zlar siz bilan menga yarashmaydi.

Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi

Sharhlar

Zoxirshoh Jo`raev Botir Qodirov uning akasi ekani haqidagi mish-mishlarga nuqta qo`ydi

06.11.2019, 12:06

Zoxirshoh Jo`raev "Milliy" telekanalining "Nishondasiz" ko`rsatuvida ishtirok etib, oilaviy mish-mishlarga nuqta qo`ydi...Ko`rsatuv davomida boshlovchi Zoxirshohdan Botir Qodirov Sherali Jo`raevning farzandi ekani haqidagi mish-mishlarga oydinlik kiritishini...
​SITORA ALIMJONOVA ShAXSIY HAYoTINI MUHOKAMA QILGANLARGA MINNATDORChILIK BILDIRDI

14.08.2017, 12:34

Aktrisa Sitora Alimjonova 8 avgust kuni turmushga chiqdi. Uning to`yi Tailandning Pxuket orolida bo`lib o`tdi.Sitora o`z intervyularida turmush o`rtog`ining 27 yoshda ekanligini va u tadbirkorlik...
​DILNOZA KUBAEVA: «DILOZORLIKDAN QO`RQAMAN, QALBIMNI SINDIRGANLAR KO`P...»

20.07.2017, 16:31

U irodali ayol. Tabassumi ortiga yashirilgan haqiqatlarni o`zgalarga bildirmaydi. Gohida ko`zlari yoshlanib, kipriklariga engil titroq kirishi mumkin, ammo shunda ham o`zida kuch topib, yana tabassum...
​“O`ZBEKKONSERT” ILK BOR OChIQ BADIIY KENGASh TAShKIL ETMOQDA

12.07.2017, 21:32

Endilikda xonandalar “O`zbekkonsert” davlat muassasasiga qo`shiqlarni jonli ijroda kuylash orqali taqdim etadilar. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasiga lisenziya olish tartibi yuzasidan turli savol va takliflar...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1