AsosiyJamiyat

​ETTB prezidenti Shavkat Mirziyoevga minnatdorlik maktubi yo`lladi

'​ETTB prezidenti Shavkat Mirziyoevga minnatdorlik maktubi yo`lladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Janobi Oliylariga

Muhtaram Prezident Janoblari!

Siz bilan uchrashuvimiz samarali bo`lganidan g`oyat xursandman, menga va hamkasblarimga ko`rsatilgan samimiy hurmat uchun Sizga va O`zbekiston hukumatiga minnatdorlik bildiraman. O`zbekistondan qaytar ekanman, men va Evropa tiklanish va taraqqiyot banki O`zbekiston bilan bankimiz o`rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichi boshlanganini qo`llab-quvvatlashimizni alohida ta`kidlamoqchiman.

Siz ETTB va O`zbekiston o`rtasidagi hamkorlikni bundan buyon ham rivojlantirishga tayyor ekaningizdan minnatdorman. O`zbekiston hukumatining mamlakat va uning xalqi manfaatlariga xizmat qiladigan, imkoniyatlarni yanada kengaytirish va taraqqiyotni ta`minlashga qaratilgan islohotlarni amalga oshirish borasidagi sa`y-harakatlarini qo`llab-quvvatlashga tayyormiz. Sizning rahnamoligingizda ishlab chiqilgan 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo`yicha Harakatlar strategiyasi ETTBning ko`plab ustuvor yo`nalishlari bilan hamohang. Strategiyada demokratik jarayonlar va fuqarolik jamiyatini mustahkamlash, iqtisodiyotni erkinlashtirish, ishbilarmonlik muhiti va qonun ustuvorligini takomillashtirish, shuningdek, qo`shni davlatlar bilan munosabatlarni yanada rivojlantirish muhimligiga alohida e`tibor qaratilganini ta`kidlamoqchimiz.

Men va O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o`rinbosari O.Ramatov imzolagan Anglashuv memorandumida qisqa muddatga mo`ljallangan hamkorligimiz aks etgan. Shu davr ichida hukumatingizning ustuvor yo`nalishlarini hisobga olgan holda, O`zbekistonda ETTBning mamlakatga doir o`rta muddatli strategiyasini birgalikda ishlab chiqamiz. Ayniqsa, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik va bank sektorini qo`llab-quvvatlash, tezkor samaradorlikka erishish uchun investisiya muhitini yanada yaxshilash bo`yicha investision, texnik va maslahatlashuv loyihalarimizni qisqa fursatlarda ishga tushirishni sabrsizlik bilan kutamiz. Shu bilan birga, kommunal xizmatlar, infratuzilma, energetika va boshqa sohalarda uzoq muddat tayyorgarlikni talab etadigan loyihalarni ham ishlab chiqamiz.

Uchrashuvimiz chog`ida ta`kidlaganimdek, O`zbekiston Strategiyada qayd etilgan keng ko`lamli islohotlar dasturini amalga oshirishi jarayonida hamkorligimiz yanada kengayishiga ishonchim komil.

Londonga borganimdan so`ng Direktorlar kengashiga uchrashuvimiz haqida so`zlab beraman va yaqin vaqtlarda O`zbekistonga yana kelish va Siz bilan uchrashishni kutib qolaman.

Samimiyat bilan,
Suma Chakrabarti,
Evropa tiklanish va taraqqiyot
banki prezidenti

Boshqa yangiliklar