1

​Yuliya Samoylova “Evrovidenie” tanlovida ishtirok etishidan umid qilmoqda

Dunyo 23.03.2017, 15:07
​Yuliya Samoylova “Evrovidenie” tanlovida ishtirok etishidan umid qilmoqda

“Evrovidenie” tanlovida Rossiyaning sharafini himoya qilishi ko`zda tutilgan xonanda Yuliya Samoylova uning Ukrainaga kirishi taqiqlangani haqidagi qaror bekor qilinishiga umid qilmoqda, deb xabar berdi Vesti.ru nashri.

“Bo`layotgan voqealarni tashqaridan kuzatadigan bo`lsak, juda kulgili holat yuzaga keldi. Ukraina hukumatining mendan ayb qidirayotganini hech ham tushunmayapman. Menday kichkina qiz Ukraina davlatiga qanday xavf-xatar tug`dirishi mumkin? Bundan kayfiyatim tushgani yo`q. Tayyorgarlikdan to`xtamayman, vaziyat o`zgarishiga umid qilaman”, dedi xonanda Birinchi kanal efirida.

Eslatib o`tamiz, Ukraina xavfsizlik xizmati Yuliya Samoylovaning Ukraina respublikasiga kirishini 3 yil muddatga taqiqlagan. Bunga uning 2015 yilda Qrimda bo`lib o`tgan konsertda noqonuniy ravishda qatnashgani sabab qilib ko`rsatilgan. Xavfsizlik xizmatining ma`lumot berishicha, xonanda Yuliya Samoylova Ukraina Vazirlar mahkamasining qaroriga muvofiq, yarim orolga kirish uchun maxsus ruxsatnoma olishi shart bo`lgan, ammo xonanda bu qaror talablarini bajarmay, qonunbuzarlikka yo`l qo`ygan.

Rossiya tashqi ishlar vazirligi bu taqiq bilan Ukraina hukumati rahbariyati o`zining ojizligini namoyish qilganini, Evropa qadriyatlarini hurmat qilmayotganligini ta`kidladi. “Evrovidenie” qo`shiq tanlovining yarim finali shu yilning 9-11 may kunlari Kiev shahrida bo`lib o`tadi. 13 may kuni esa tanlovning final qismi o`tkazilishi ko`zda tutilgan. Rossiya hududida mazkur tanlov translyasiya qilinmaydi. Rossiyaning yirik mediaxoldinglari shu qarorga keldi. Shunga qaramay, Rossiya sharafini Yuliya Samoylova himoya qiladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1