AsosiyJamiyat

​2,5 mingdan ziyod oila Sergeli tumanida barpo etilayotgan yangi uylarga ko`chib o`tadi

'​2,5 mingdan ziyod oila Sergeli tumanida barpo etilayotgan yangi uylarga ko`chib o`tadi'ning rasmi

Vatanimiz mustaqilligining 26 yilligi arafasida poytaxtimizning Sergeli tumanida 66 ko`p qavatli uy foydalanishga topshiriladi. Zamonaviy shaharsozlik talablari asosida bunyod etilayotgan mazkur uylar 2 ming 500 dan ziyod oilaning turar joyga bo`lgan ehtiyojini qondirish imkonini yaratadi. E`tiborlisi, uylar oilalarga imtiyozli ipoteka krediti orqali beriladi.

O`zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo`mitasi tomonidan ushbu qurilish maydoniga tashkil etilgan media-turda bu alohida ta`kidlandi, deya xabar beradi O`zA.

Prezident Shavkat Mirziyoevning 2016 yil 22 noyabrdagi «2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko`p kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to`g`risida»gi qaroriga muvofiq, 2017-2020 yillarda shaharlarda 945 ko`p xonadonli uy-joy qurilishi rejalashtirilgan. 2017 yilda 191 ko`p xonadonli uy qurilishi belgilangan bo`lib, shu kunlarda ularni qurish ishlari jadal amalga oshirilmoqda. Shundan 102 tasi Toshkent shahrida bunyod etilmoqda.

Sergeli tumanidagi qurilish ishlari uchta maydonda olib borilmoqda. Birinchi maydondagi 66 ta etti qavatli uyning kalitlari xonadon sohiblariga mustaqilligimizning 26 yilligi bayrami arafasida topshirilishi ko`zda tutilayotgan bo`lsa, boshqa maydonlardagi 36 ta ko`p qavatli uyni qurish ishlari ham boshlab yuborilgan.

Mazkur uylar qurib bitkazilishi bilan 4 mingdan ziyod oila o`z shaxsiy xonadoniga ega bo`ladi. Ko`p xonadonli uylar mamlakatimizda ishlab chiqarilgan zamonaviy qurilish materiallari asosida barpo etilmoqda. Shuningdek, maktablar, bolalar bog`chalari, dam olish joylari, poliklinikalar, bolalar maydonchalari, avtomobil turar joylari, chiqindi yig`ish punktlari qurilishi rejalashtirilgan. Hudud obodligi ta`minlanadi.

Jurnalistlar o`zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

    Boshqa yangiliklar