AsosiyJamiyat

​Shavkat Mirziyoev Bunyodkor va Muqimiy ko`chalari kesishgan chorrahada ikki oyda qurib bitkazilgan ko`prikni borib ko`rdi

'​Shavkat Mirziyoev Bunyodkor va Muqimiy ko`chalari kesishgan chorrahada ikki oyda qurib bitkazilgan ko`prikni borib ko`rdi 'ning rasmi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 25 mart kuni poytaxtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi Bunyodkor va Muqimiy ko`chalari kesishgan chorrahada qurilgan ko`prikni borib ko`rdi, deya xabar beradi O`zA.

Umumiy uzunligi 900, balandligi 6, kengligi 24 metr bo`lgan 6 polosali mazkur yo`l o`tkazgich haydovchilar va piyodalarga bir qancha qulayliklar yaratadi.

Bunyodkor va Muqimiy ko`chalari kesishgan chorrahada transport tig`izligi avtomobillar va piyodalarga noqulaylik tug`dirardi. Yangi bunyod etilgan ko`prik bu muammolarga barham berish bilan birga, avtomobillar harakatining uzluksizligini va xavfsizligini ta`minlashda alohida ahamiyat kasb etadi.

“O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Ko`prik qurilish tresti” unitar korxonasi quruvchilari tomonidan ikki oyda qurib bitkazilgan ko`prikning ikki tomonida piyodalar uchun ikkita er usti o`tish yo`lagi barpo etilgan. Yog`in-sochinli kunlarda himoyalanish moslamalari o`rnatilgan.

Shahar qiyofasining o`zgarishida ko`priklarning o`rni katta. Ekologiya nuqtai nazaridan ham bu muhim ahamiyatga ega. Ya`ni avtomobil yonilg`isining ko`p ishlatilishi atrof-muhit musaffoligiga salbiy ta`sir qiladi. Bir joyda transport tig`izligi yuz bersa, boshqa joyga ham ta`sir ko`rsatadi. Ko`priklar ana shu muammolarni bartaraf etishda muhim o`rin tutadi.

Prezidentimiz yangi ko`prikning mohiyatiga alohida to`xtaldi. Bu kabi bunyodkorlik ishlari aholiga yanada qulaylik yaratish, turmush farovonligini oshirishda katta ahamiyatga egaligini qayd etib o`tdi.

Shavkat Mirziyoev poytaxtimizning Cho`ponota va Bunyodkor ko`chalari kesishgan chorrahada bunyod etiladigan ko`prik loyihasi bilan ham tanishib, o`z tavsiyalarini berdi.

Boshqa yangiliklar