Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi Yangi shahar va Bog`ishamol ko`chalarini tutashtiruvchi yangi ko`prik bilan tanishdi.
Bo`zsuv kanali ustidan qurilgan mazkur ko`prik Toshkent xalqa yo`li va Amir Temur shohko`chasida tirbandlikni kamaytirish, haydovchi va yo`lovchilar ortiqcha vaqt va mablag` yo`qotishining oldini olishni ta`minlaydi, deb yozadi O`zA.
Umumiy uzunligi 423, balandligi 5,5, kengligi 33 metr bo`lgan 8 polosali mazkur ko`prik “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Ko`prik qurilish tresti” unitar korxonasining 67-ko`prik qurilish bo`linmasi bunyodkorlari tomonidan olti oyda qurib bitkazildi.
Ko`prikning ikki tomonida piyodalar uchun 2 metrli yo`lak barpo etilgan bo`lib, bu piyodalarga qulaylik yaratadi.
Prezidentimiz bu erda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishar ekan, yangi ko`prikning poytaxtimizning Yunusobod va Mirzo Ulug`bek tumanlarini tutashtirishdagi ahamiyati ulkan ekanini ta`kidladi. Ilgari ushbu tumanlardan bir-biriga avtomobilda 17-18 kilometr aylanib borilgan bo`lsa, yangi ko`prik foydalanishga topshirilgach, odamlarning uzog`i yaqin bo`ldi.
Bunday keng ko`lamli va ezgu ishlar tufayli poytaxtimiz yo`llarining xizmat ko`rsatish sifati va samaradorligi tubdan yaxshilanmoqda, dedi davlatimiz rahbari. Mazkur yangi ko`prik avtomobillarning o`tish imkoniyatlarini bir necha marta oshirish barobarida aholiga bir qancha qulayliklar yaratadi. Mana shunday zamonaviy ko`prikning qisqa vaqtda barpo etilgani mamlakatimizning jadal rivojlanib borayotgani, xalqimiz ulkan yutuq va marralarga erishayotganidan dalolatdir.