AsosiyJamiyat

​Toshkent motor zavodi binolari ishbilarmon va tadbirkorlarga bo`lib beriladi

'​Toshkent motor zavodi binolari ishbilarmon va tadbirkorlarga bo`lib beriladi'ning rasmi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Bektemir tumanidagi Toshkent motor zavodiga tashrif buyurdi.

Bektemir tumanidagi Toshkent motor zavodining umumiy er maydoni 5 gektar, bino va inshootlar maydoni 3 gektar. Hozir foydalanilmayotgan ushbu hududda ishlab chiqarishni tashkil etish uchun yaxshi imkoniyat, zarur infratuzilma bor, deya xabar beradi O`zA.

Prezidentimiz ko`rsatmasiga muvofiq zavod binolari korxona va tadbirkorlarga imtiyozli tarzda ijaraga berilmoqda. To`lovlar boshqa joylardagiga nisbatan bir necha barobar arzonlashtirilgan. Bunday imtiyozlar tadbirkorlarda katta qiziqish uyg`otmoqda.

Davlatimiz rahbari zavod binolarini ishbilarmon va tadbirkorlarga bo`lib berish, ularda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish zarurligini ta`kidladi. Korxonalarga qulaylik yaratish maqsadida bu erda "yagona darcha" markazi, minibanklar va boshqa xizmatlar tashkil etiladi. Milliy bank huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlarining eksportini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi mahsulotlarni eksport qilishga ko`maklashadi.

Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan iqtisodiy-ijtimoiy loyihalar taqdimoti ham o`tkazildi.

Prezidentimizning “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta`minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmoni ijrosi yuzasidan har bir tumanda tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o`tkazilmoqda. Ular asosida kam ta`minlangan oilalarni tadbirkorlikka jalb etish, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo`yicha aniq reja ishlab chiqilgan.

Oilalarga kirib borish, odamlarning dunyoqarashini o`zgartirish lozim. Odamlarning daromadi ko`paysa, to`lov qobiliyati ham yuqori bo`ladi, mahalliy byudjetlarga pul mablag`i ko`proq tushadi. Hokimliklarda turli ijtimoiy ob`ektlar qurish imkoniyati kengayadi, yurtimizga yanada ko`proq baraka kiradi, dedi Shavkat Mirziyoev.

Shu erning o`zida Toshkent shahrida tashkil etilayotgan kichik sanoat zonalari va istirohat bog`lari, tijorat banklari tomonidan amalga oshirilayotgan dori-darmonlar, qandolatchilik mahsulotlari, qurilish materiallari va mebel ishlab chiqarish, metallni qayta ishlash, tibbiyot va ko`ngilochar maskanlar tashkil etish loyihalari ham namoyish etildi.

Davlatimiz rahbari ushbu loyihalar bilan tanishib, ularning har biri haqida mutasaddilarga tegishli ko`rsatmalar berdi.

Boshqa yangiliklar