27 mart kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti mamlakatimizni juda murakkab va og`ir yillarda boshqarib, yurtimiz taraqqiyoti yo`lida fidokorona xizmat qilgan, ijtimoiy va ijodiy faoliyati bilan milliy adabiyotimiz va madaniyatimiz rivojiga katta hissa qo`shgan atoqli davlat arbobi, taniqli yozuvchi Sharof Rashidovning yorqin xotirasini ulug`lash hamda tavalludining100 yilligini munosib nishonlash maqsadida qaror imzoladi.
Qarorning to`liq matni bilan O`zAda tanishish mumkin.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qaroriga muvofiq Jizzax viloyati Jizzax tumaniga Sharof Rashidov nomi berilgani munosabati bilan O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qo`mitasi, O`zbekiston Badiiy akademiyasi va Jizzax viloyati hokimligi birgalikda ushbu tumanda uning xotirasiga bag`ishlangan yodgorlik majmuasini barpo etish va haykalini o`rnatish topshirildi.
Xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodimizni atoqli davlat arbobi va adib Sharof Rashidovning hayoti va faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Jizzax shahrida uning memorial uy-muzeyini tashkil etilib, muzey hududi obodonlashtiriladi.
O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan adibning “Saylanma” kitobi, Sharof Rashidov hayoti va faoliyatiga bag`ishlangan “Xalqimizning otashqalb farzandi” nomli xotira kitobi chop etiladi.
Bundan tashqari qarorga ko`ra, Sharof Rashidovning hayoti va ijtimoiy-ijodiy faoliyati haqida hujjatli film yaratish topshirilgan.
Qarorda shuningdek, O`zbekiston Fanlar akademiyasi, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma`naviyat targ`ibot markazi bilan hamkorlikda “Sharof Rashidovning O`zbekiston tarixida tutgan o`rni” mavzusida ilmiy konferensiya o`tkazish, oliy, o`rta maxsus, kasb-hunar va umumiy o`rta ta`lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli adib va olimlar, san`atkorlar ishtirokida xotira tadbirlari tashkil etish, 2017 yil noyabr oyining birinchi o`n kunligida Jizzax va Toshkent shaharlarida Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligiga bag`ishlangan xotira kechasini o`tkazish tadbirlari nazarda tutilgan.