1

​Dunyoda mehr-muruvvatli insonlar ko`pligini isbotlovchi voqealar

Dunyo 28.03.2017, 10:06
​Dunyoda mehr-muruvvatli insonlar ko`pligini isbotlovchi voqealar

Notinchlikka, turli voqea-hodisalarga boy, beqaror zamonamizda ba`zi bir odamlarning harakatlari haqiqatan ham tahsinga sazovordir, deb xabar berdi “Kp.ru/daily” nashri.

Ularning ezgu amallari atrofidagi insonlarni ham yaxshilik qilishga undaydi. Har kuni urushlar, krizislar, tabiiy ofatlar, teraktlar haqidagi xabarlar eng optimist odamni ham tushkunlikka tushirib qo`yadi. Ammo shuncha negativga qaramay, bag`rikeng, oqko`ngil insonlar haqidagi hikoyalar kayfiyatingizni ko`tarib, har qanday sharoitda ham inson insonligicha qolishi mumkinligini isbotlaydi. Quyida sizni ana shunday insonlar bilan tanishtiramiz.


Hayotini xavf ostiga qo`yib, bolani YTHdan qutgargan sobiq polisiyachi

Bu voqea Rossiyaning Ural o`lkasida sodir bo`ldi. Ilgari YHXB da ishlagan sobiq polisiyachi rafiqasi bilan bozor-o`char qilishga ketayotganda yo`lning o`rtasida turgan uch yoshli qizchaga ko`zi tushdi. Sergey Frolov (qahramonimizning ismi-sharifi shunday) darrov tormozni bosib, qo`rquvdan qotib turgan qizchani qutqarish uchun o`zini “GAZel” mashinasining tagiga tashladi. Agar yana bir necha soniya kech qolganda qizaloq avtomobil g`ildiraklari tagida qolgan bo`lardi... Yaxshiyamki, u bolani qo`liga olib, yo`l chetiga sakradi, oqibatda hech kim jabrlanmadi. Hammasi yaxshilik bilan yakunlandi, Sergey Frolov qutqargan qizcha Veraning onasi topildi. Sergey esa qizchaga ziyon-zahmat etmaganidan juda ham mamnun bo`ldi.


Ortiqcha berib yuborilgan 200 ming rublni bankka qaytargan yigit

Bu voqea Chelyabinsk shahrida sodir bo`ldi. Mazkur shaharda yashovchi Artyom Mixeevga bank xodimi 200 ming rubl berish o`rniga adashib, 400 ming rubl berib yubordi. Artyom pulni sanab ko`rmay, uyiga yo`l oldi. Uyga kelganda esa kassir unga 200 ming rubl o`rniga 400 ming rubl berganini ko`rdi. U hech ikkilanmay orqaga qaytib, “Birovning haqi kerak emas”, degancha ortiqcha berib yuborilgan mablag`ni bank xodimiga qaytarib berdi. Qani endi hamma shu tamoyil bilan yashaganda edi...


Bolalarga qorda rasm chizishni o`rgatuvchi farrosh

Biz hikoya qilmoqchi bo`lgan odam mashhur artist, taniqli yozuvchi yoki puli ko`p biznesmen emas, balki oddiy farroshdir. Udmurtiyaning Ijevsk shahrida yashovchi 53 yoshli Semyon Buxarin ijevsklik maktab o`quvchilariga supurgisi bilan qorga ajoyib suratlar chizib beradi. Bolalar uning ijod namunalarini juda qadrlashadi. Ular qorga chizilgan rasmlarni suratga tushirib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishadi. Farroshning suratlaridan hayratga tushgan maktab ma`muriyati bayramlarda maktab binosini bezash ishlarini unga ishonib topshirdi.


O`quvchilar cho`kayotgan erkakni qutqarishdi

Astraxanlik, sakkizinchi sinf o`quvchilari Misha Lazarev, Sasha Zotkin va Danila Kuznesovlar haqiqiy erkak bo`lib voyaga etayotganliklarini o`tgan yilning qishida isbotlashdi. Ular kanal bo`ylab ketayotganda, yordam so`rab qichqirayotgan odam ovozini eshitishdi. Muzlagan kanalga cho`kayotgan odamga ko`zlari tushgach, bir-birining qo`lidan tutib, uni qutqarishdi. Tibbiyot xodimlari etib kelgunga qadar, cho`kkan odamning poyabzalini echib, qo`l- oyog`ini isitishga harakat qilishdi. Erkakning ustiga esa o`zlarining kiyimini echib, yopishgan. Ular o`zlarining bu harakati bilan erkakni sovuq urishdan asrab qolishdi. Bolalarga o`zlari o`qiyotgan maktab ma`muriyati minnatdorchilik bildirdi. Yosh qahramonlardan biri “Bizning o`rnimizdagi har qanday odam shunday yo`l tutgan bo`lardi”, deb javob berdi.


Qochoqlarni bepul tashigan haydovchi

Volgogradlik Usub Kochoyan allaqachon ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo`lishga ulgurgan. Bundan uch yil ilgari u o`zining ish tartibi bilan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining mehriga sazovor bo`lgan edi. Usub xushmuomala yo`lovchilar uchun chegirmalar tashkil etdi. Marshrut taksiga o`tirgan yo`lovchi salomlashsa 5 rublni, tabassum qilsa 10 rublni chegirma qildi. Homilador ayollar, harbiy askarlar, imtihonni “a`lo” baholarga topshirgan oliy o`quv yurti talabalari, tug`ilgan kuni bo`layotgan odam esa Usubning mashinasida bepul o`z manziliga etish huquqiga ega. Ukrainada bo`layotgan urush tufayli Volgogradga qochib kelgan muhojirlar uchun ham imtiyoz yaratib, ularga ham bepul xizmat qildi. “Agar kimgadir yaxshilik qilsangiz u sizga ming barobar bo`lib qaytadi”, deydi Usub uning ishidan hayratlangan odamlarga qarata.


Daydi o`ziga berilgan sadaqaga muhtojlar uchun egulik sotib oldi

Nafaqat Rossiyada, balki chet mamlakatlarda ham qalbingizni larzaga keltiruvchi voqealar sodir bo`ladi. Masalan, Kaliforniyaning Oranj okrugida o`tgan yilning dekabr oyida shunday voqea ro`y berdi. Videobloger daydi odamga 100 dollar hadya etib, “baribir bu pulga spirtli ichimlik olib ichsa kerak”, degan xayolga bordi. U bo`lib o`tgan voqeani videoga olib, hayratdan yoqa ushladi. Daydi videoblogerdan olgan pulining hammasiga egulik sotib olib, xiyobonda o`tirgan muhtoj va kambag`allarga ulashdi. Bu voqea “eksperimetchi videobloger”ga shunchalik qattiq ta`sir etdiki, u daydining oldiga borib, qilmishi uchun uzr so`radi.


11 ming dollar “choychaqa” olgan ofisiant

Bu voqea Amerikaning Arizona shtatidagi Feniks shahrida sodir bo`ldi. Restoranga tashrif buyurgan odam ofisiant uchun 11 ming dollar “choychaqa” berdi. U ismi-sharifini yashirgan holda ofisiantga ikkita chek qoldirdi. Cheklardan biriga esa “Yaratganning nomi ila...” deb imzo chekdi.


Eng oxirgi pulini talaba qizga hadya etgan daydi

O`tgan yilning dekabr oyida Buyuk Britaniyada ajoyib voqea yuz berdi. Daydi erkak bank kartasini yo`qotib qo`yib, uyiga ketolmay, kechga qolgan 22 yoshli talaba qizga so`nggi pullarini hadya qildi. Uning bu ishi Dominik Garrison-Betson (talaba qizda) katta taassurot qoldirdi va daydiga yordam bermoqchi bo`ldi. U o`zining Facebook sahifasida mazkur voqea haqida hikoya qildi va daydi uchun xayriya puli yig`di. Chunki daydi erkakning na uyi, na ishi bor edi. Oddiygina uyda yashash uchun ham oldindan ma`lum miqdorda pul to`lash lozim, bu mablag` esa unda yo`q edi. Dominik esa ijtimoiy tarmoqlar orqali daydi erkak uchun 12,5 ming funt mablag` yig`di. Bu bag`rikeng daydi erkakning yangi hayot boshlashi uchun aynan zarur bo`lgan pul miqdori edi.

Ha, yaxshilik bumerangni eslatadi, sen birni bersang, berganing ming bo`lib qaytadi. Keling, ko`nglimizni, fe`limizni kengroq qilaylik, qo`limizdan kelgacha, bir-birimizga yordam beraylik...

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1