AsosiyJamiyat

​Prezident Shavkat Mirziyoev ishtirokida gidrometallurgiya zavodi qurilishiga tamal toshi qo`yildi

'​Prezident Shavkat Mirziyoev ishtirokida gidrometallurgiya zavodi qurilishiga tamal toshi qo`yildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Navoiy davlat konchilik institutiga tashrif buyurdi. Bu erda Auminzo-Amantoy oltin konlari negizida Navoiy kon-metallurgiya kombinatining 5-gidrometallurgiya zavodi qurilishining boshlanishiga bag`ishlangan tantanali marosim bo`lib o`tdi.

Mamlakatimizning barcha sanoat tarmoqlarida bo`lgani kabi Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ham modernizasiya ishlari olib borilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017-2026 yillarda kombinatda 27 loyiha amalga oshirilishi belgilangan. 5-gidrometallurgiya zavodi ularning eng muhimlaridan biridir. Umumiy qiymati 396 million AQSh dollari bo`lgan ushbu loyiha yiliga 5 million tonna rudani qayta ishlash, 5 ming 300 ga yaqin ish o`rni yaratish imkonini beradi, deb yozadi O`zA.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev yangi gidrometallurgiya zavodi ulkan iqtisodiy-ijtimoiy ahamiyatga ega ekanini ta`kidladi.

Davlatimiz rahbari Auminzo-Amantoy oltin konlarida o`zlashtirishni boshlash uchun ramziy tugmani bosdi. Tadbirni videokonferensiya orqali Tomdi tumanida, 5-gidrometallurgiya zavodi bunyod etiladigan hududda kuzatib turgan kombinat mutaxassislari konni portlatdi.

Mehnat faxriysi Bahodir Bo`ronov, Navoiy davlat konchilik instituti talabasi Gulchiroy Jo`raqulova va boshqalar shunday yirik sanoat korxonasining tashabbuskori bo`lgani hamda uning qurilishini boshlab bergani uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.

Davlatimiz rahbari shu erda O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Navoiy bo`limini tashkil etish borasidagi loyihalar bilan tanishdi.

Prezidentimizning 2017 yil 17 fevraldagi “Fanlar akademiyasi faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori asosida faoliyat boshlaydigan akademiyaning mintaqaviy bo`limi Navoiy hududini texnologik va ijtimoiy rivojlantirishga qaratilgan fundamental, amaliy va innovasiya ilmiy-tadqiqotlarini olib borishga ixtisoslashgan bo`lib, uning tarkibida 5 ilmiy laboratoriya ish olib boradi.

Joriy yilning III choragida ish boshlaydigan ilmiy markaz fan va ishlab chiqarish integrasiyasini rivojlantirishga, Navoiy davlat konchilik institutida yuqori malakali kadrlar tayyorlashga ulkan hissa qo`shadi.

Sanoat rivoji uchun ilm, innovasiya suv va havodek kerak, dedi Prezidentimiz. Bu erda Fanlar akademiyasining bo`limini tashkil etishni hayotning o`zi taqozo etdi. Bundan maqsad ilmga asoslanib mahsulotlarning tannarxini kamaytirish va raqobatbardoshligini oshirishdir. Shu bois tadqiqotlarni zamon talablari asosida tashkil etish, laboratoriya ishlarini takomillashtirish zarur. Barcha izlanishlar istiqbolga yo`naltirilgan bo`lishi lozim.

Shavkat Mirziyoev yaqin yillarda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida amalga oshiriladigan loyihalarni ko`zdan kechirdi.

2017-2026 yillarda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 27 loyiha amalga oshiriladi. Qiymati 3 milliard 63 million dollar bo`lgan mazkur loyihalar natijasida kombinatning ishlab chiqarish quvvati 30 foizga ortadi. Qo`shimcha 31 mingga yaqin ish o`rni yaratiladi.

Pistali konini o`zlashtirish va 6-gidrometallurgiya zavodini qurish, 2-gidrometallurgiya zavodi quvvatini kengaytirish, Muruntov konini o`zlashtirishning 5-navbati, texnogen chiqindilarni qayta ishlash majmuasi qurilishi va boshqa loyihalar ham namoyish etildi.

Boshqa yangiliklar