AsosiyJamiyat

​Prezident Qarori bilan O`zbekistondagi barcha dehqon bozorlar qayta quriladi

'​Prezident Qarori bilan O`zbekistondagi barcha dehqon bozorlar qayta quriladi'ning rasmi

2017-2019 yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori imzolandi. Qarorning to`liq matni O`zAda keltirildi.

Keyingi yillarda respublikaning faoliyat ko`rsatayotgan dehqon bozorlari va savdo majmualari hududlarida bir qator qurilish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilishi tufayli sotuvchi va xaridorlar uchun qulay sharoitlar yaratilib, sanitariya holatini yaxshilash, jamoat tartibini saqlash va yong`in xavfsizligini ta`minlash borasida ijobiy natijalarga erishildi.

Shu bilan birga, joriy vaziyatning tahlili olib borilgan ishlarga qaramasdan, aksariyat dehqon bozorlarida xavfsizlik choralari, xususan, bino va inshootlarda yong`in xavfsizligi talablari, sanitariya qoidalari va normalari, gigiena normativlari to`liq inobatga olinmaganligini, shuningdek, bozor hududlariga yaqin masofalarda joylashgan avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylari etishmasligi kabi holatlar sotuvchi va xaridorlar uchun muayyan noqulayliklar tug`dirayotganligini ko`rsatdi.

Qaror dehqon bozorlarining mamlakat iqtisodiyotidagi, aholining kundalik hayotidagi o`rni va ahamiyatini inobatga olib hamda xaridorlar uchun qulay sharoitlar yaratish, savdoni tashkil etish sohasida zamonaviy talablarga muvofiq savdo xizmati ko`rsatishning ilg`or tajribasi va yuksak madaniyatini keng targ`ib qilish va izchil joriy etish, mavjud dehqon bozorlarini sharqona va milliy me`morchilik an`analarini hisobga olgan holda zamonaviy savdo majmualari tarzida mukammal rekonstruksiya qilish maqsadida imzolandi.

Qarorda qayd etilishicha, O`zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo`mitasi tomonidan respublika hududlari bo`yicha aholi sonini, mavjud dehqon bozorlarining aholi punktlariga nisbatan joylashuv masofasini hisobga olgan holda to`rt tipdagi gipermarket, supermarket va minimarketlar ko`rinishidagi, shuningdek, ularga tutash maydonlarda barpo etiladigan sendvich-panellardan keng foydalanilgan engil konstruksiyali, vaqtinchalik yig`ma pavilonlardan iborat zamonaviy savdo majmualarining (keyingi o`rinlarda zamonaviy savdo majmualari deb ataladi) namunaviy loyihalari ishlab chiqilgan.

Qarorga ko`ra, 2017-2019 yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturi ishlab chiqildi hamda dasturni amalga oshirish bo`yicha Respublika komissiyasi tarkibi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi hududiy ishchi komissiyalarning namunaviy tarkibi tasdiqlandi.

Mazkur komissiyaga Dastur sifatli va o`z vaqtida amalga oshirilishini nazorat qilish, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishgan holda 2017-2019 yillar davrida dehqon bozorlari hududida quriladigan zamonaviy savdo majmualarini manzilli joylashtirish, Dasturning bajarilishi to`g`risida har chorakda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot berish vazifalari yuklandi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar