O`zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegasiya 29 mart kuni Fransiya tashqi ishlar va xalqaro taraqqiyot vaziri Jan-Mark Ero bilan uchrashdi. Bu haqda O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tashqi siyosat idoralari rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, investision, harbiy-texnik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va rivojlanish istiqbollarini muhokama qildi.
Uchrashuvda O`zbekiston—Fransiya tashqi ishlar vazirlari doimiy uchrashuvlari hamda boshqa darajadagi aloqalar davlatlararo hamkorlikni o`zaro manfaatli asosda izchillik bilan chuqurlashtirishga, shuningdek, biznes doiralari, ilmiy va ta`lim muassasalari vakillari hamda madaniyat va san`at arboblari bilan almashinuvlarni kengaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Suhbat davomida ayrim xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan ham fikr almashildi. Muzokaralar yakunida vazirlar tomonidan O`zbekiston va Fransiya tashqi ishlar vazirliklari o`rtasida 2017—2018 yillarga mo`ljallangan Hamkorlik dasturi imzolandi.






