Avstraliyalik Byanka Dikinson (Bianca Dickinson) Facebook sahifasiga zaharli ilonning oldida turgan qizchasi Mollining fotosuratini joylashtirdi, deb xabar berdi Tengrinews.kz nashri.
Dikinsonning aytishicha, Avstraliyaning Kaniva shahri uchun ilonlar yangilik emas. U ikki yoshli qizchasini bolalar kiyimi brendi uchun tabiat qo`ynida suratga tushirishga qaror qildi. Ayol s`yomka jarayonida farzandining oyog`i tagida ilon turganiga ahamiyat berdi. Bundan qo`rqib ketgan ona bolasini xavfsiz joyga olish haqida o`ylayotganda, ilon sudralib o`z yo`lida davom etdi.
Fotosuratlarni tartibga keltirgan Dikinson qo`rqinli lahza aks etgan suratni ko`rdi. Suratga izoh bergan foydalanuvchilar bunday vaziyatda sarosimaga tushib qolishlari haqida yozishgan bo`lsa, ba`zilari inson ilonga teginmasa uning chaqmasligini aytishgan. Dikinsonning posti 23 mingta layk va deyarli o`n mingta repost to`pladi.