Lola Karimova-Tillaeva O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov dafn etilgan maskanda barpo etiladigan yodgorlik majmuasi haqida ma`lum qildi hamda uning suratlarini e`lon qildi.
“O`zbekiston mustaqilligining asoschisi, yurtimizning Birinchi Prezidenti xotirasini abadiylashtirish maqsadida Prezident Islom Karimov dafn etilgan maskanda yodgorlik majmuasini barpo etishga oid qaror qabul qilindi. Respublika komissiyasi hamda Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros ob`ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish Bosh boshqarmasi tomonidan Prezident Islom Karimov dafn etilgan Hazrat Xizr masjidi majmuasi hududida maqbaraning qurilish loyihasi ishlab chiqilib, taqdim etildi.
O`zbekistonning YuNESKOdagi doimiy vakolatxonasi tomonidan mazkur loyihani YuNESKOning Butunjahon merosi markazi va IKOMOS (Yodgorlik va me`moriy obidalarni saqlash Xalqaro kengash) bilan muvofiqlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Butunjahon merosi markazi va IKOMOS tashkilotlari yodgorlik obidasini qurish loyihasi bilan tanishib chiqdilar. Mazkur xalqaro tashkilotlarining mutahassislari 2016 yilning dekabr oyida Hazrat Xizr masjidiga tashrif buyurib, qurilish ishlarini YuNESKO mezonlariga muvofiq holda, ya`ni Butunjahon me`rosi ob`ektining tarixiy ko`rinishini saqlab qolgan holda amalga oshirish borasidagi tavsiyalarini O`zbekistonga yo`lladilar.
Loyiha ustida olib borilayotgan ish jarayonidan mamnunmiz va umid qilamizki, maqbarani qurish bo`yicha ishlar yaqin kelajakda boshlab yuboriladi. Ushbu fotolavhada maqbaraning kelajakdagi ko`rinishiga oid suratlarni sizning e`tiboringizga havola etmoqchimiz”,—deb yozadi Lola Karimova-Tillaeva.