1

​Prezident Shavkat Mirziyoevning Moskvaga tashrifi chog`ida 16 milliard dollarlik shartnomalar imzolandi

Jamiyat 07.04.2017, 14:13
Teglar: O`zbekiston, Vladimir Putin, Rossiya, Shavkat Mirziyoev
​Prezident Shavkat Mirziyoevning Moskvaga tashrifi chog`ida 16 milliard dollarlik shartnomalar imzolandi

Avval xabar qilinganidek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 4-5 aprel kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo`ldi.

Tashrif asnosida 16 milliard dollarlik 50 dan ortiq hujjat imzolandi. Bu O`zbekiston va Rossiya hamkorligi yuksak darajada rivojlanayotganining yorqin ifodasidir.

Ushbu tarixiy voqeada qatnashgan vazirlik, idora va kompaniyalar rahbarlari O`zA muxbiriga mazkur hujjatlarning ahamiyati haqida so`zlab berdi.

Alisher Shodmonov, O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash vaziri:

– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda sog`liqni saqlash sohasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Zamonaviy tibbiyot yutuqlaridan foydalanish, tibbiy xizmat ko`rsatish tizimini takomillashtirish borasida bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Rossiya Federasiyasiga davlat tashrifi davomida sog`liqni saqlash sohasida ham bir qancha istiqbolli kelishuvlarga erishildi. O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi bilan Rossiya Federasiyasi Sog`liqni saqlash vazirligi o`rtasida ikki mamlakat etakchi tibbiy va ilmiy-tadqiqot markazlarining o`zaro aloqalarni kengaytirish, mutaxassislar tayyorlash va qayta tayyorlash dasturlarini amalga oshirish, tajriba almashish, shuningdek, O`zbekistonda Rossiyaning etakchi tibbiy markazlari filiallari va vakolatxonalarini ochish bo`yicha 13 shartnoma imzolandi.

Shartnomalarga muvofiq mamlakatimiz tibbiyot sohasi vakillari Rossiyaning rivojlangan tibbiyot muassasalarida malaka oshiradi, rossiyalik etakchi mutaxassislar O`zbekistonda bemorlarni tibbiy ko`rikdan o`tkazish va davolash ishlarida qatnashadi va hamkorlikda boshqa tadbirlar amalga oshiriladi.

Jamshid Qo`chqorov, O`zbekiston Respublikasi moliya vaziri birinchi o`rinbosari:

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Rossiya Federasiyasiga davlat tashrifi davomida salmog`i jihatidan keng ko`lamli bitimlar va shartnomalar imzolandi.

O`zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlik O`zbekiston Respublikasi va Rossiya Federasiyasi munosabatlarida muhim o`rin tutadi. Davlat rahbarlari ikki tomonlama savdo aylanmasini, avvalo, yuqori darajada qayta ishlangan zamonaviy mahsulotlar va ikkala tomon uchun foydali bo`lgan boshqa tovarlar etkazib berishni kengaytirishga kelishib oldilar.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar, imzolangan 50 dan ortiq hujjat O`zbekiston va Rossiya taraqqiyotiga, ikki mamlakat xalqlarining farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Mamlakatimizning iqtisodiy salohiyati va xalqaro maydonda obro`sini yanada oshirish, yangi ish o`rinlari yaratishda muhim omil bo`ladi.

Mahmud Murotov, O`zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri:

– Prezidentimizning Rossiyaga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar samarasida ikki mamlakatning hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko`tarildi. Bu natijalarni madaniy-gumanitar sohada ham ko`rish mumkin.

A.Pushkin nomidagi davlat tasviriy san`at muzeyida tashkil etilgan I.Saviskiy nomidagi davlat san`at muzeyi fondidagi asarlarning birinchi sayyor ko`rgazmasi bu boradagi ishlarning amaliy ifodasi, desak bo`ladi.

O`zbekiston Respublikasi va Rossiya Federasiyasi o`rtasida 2016-2018 yillarga mo`ljallangan madaniy-gumanitar sohada hamkorlik qilish to`g`risidagi dastur va O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 19 oktyabrdagi "Oltin kuz” xalqaro san`at festivalini o`tkazish to`g`risidagi majlis bayoni ijrosi yuzasidan mamlakatimizda Rossiya kunlari bo`lib o`tdi. Tadbirlarda Rossiyaning taniqli madaniyat va san`at namoyandalari ishtirok etganini alohida ta`kidlash kerak.

Prezidentimizning davlat tashrifi chog`ida 2017 yil Rossiyada O`zbekiston madaniyati kunlarini o`tkazishga kelishib olindi.

Joriy yilda O`zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federasiyasi o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan konsertlar, foto va badiiy ko`rgazmalar hamda boshqa madaniy tadbirlar tashkil etishga alohida e`tibor qaratiladi.

Baxtiyor Saidov, «O`zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyati raisi o`rinbosari:

– Bugun mamlakatimizda engil sanoat sohasi jadal rivojlanib bormoqda. Bu davlatimiz rahbarining sohaga qaratayotgan alohida e`tibori samarasidir. Prezidentimiz dehqonlarimiz etishtirgan paxtani yurtimizda qayta ishlash va tayyor mahsulot sifatida dunyo bozoriga chiqarish g`oyat muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta`kidlagan.

Buning uchun mamlakatimizda etarli sharoitlar bor. Serquyosh zaminimizda etishtirilgan paxta tolasi o`zining pishiqligi va yuqori sifati bilan ajralib turadi. Dunyo bozorida O`zbekiston paxta tolasiga talab yuqori. Bugungi kunda dunyoning etakchi kompaniyalari bilan bu borada hamkorlik qilib kelinmoqda. Rossiya Federasiyasi bilan ham mazkur sohada samarali kelishuvlarga erishildi.

Prezidentimizning Moskvaga tashrifi davomida sohani yanada rivojlantirish, yangi texnologiyalarni joriy etish, mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirish bo`yicha muhim qadamlar qo`yildi.

Sharhlar

O`zbekiston Eronni mag`lub etib, Osiyo kubogiga yo`llanmani qo`lga kiritdi (video)

13.09.2023, 11:02

Osiyo kubogi uchun saralash o`yinlari yakunlandi, deya xabar bermoqda "darakchi.uz" muxbiri. Ma`lum bo`lishicha, so`nggi 6 o`yinda raqiblari darvozasiga 25 ta gol kiritib, 3 ta gol  o`tkazib...
Rossiyadagi eri bilan janjallashgan ayol farzandlarini kaltakladi. Onaga nisbatan jinoiy ish ochildi (video)

15.07.2023, 09:45

Samarqand viloyati Kattaqo`rg`on tumanida 1996 yilda tug`ilgan ayol Rossiyada ishlovchi eri bilan janjallashishi oqibatida ikki nafar voyaga etmagan qiz farzandlarini kaltaklab, uni tasvirga olib, eriga...
Rossiyalik qutqaruvchilar Turkiyadagi vayronalar ostidan 150 ming AQSh dollari topib olishdi

14.02.2023, 13:14

Rossiyalik qutqaruvchilar qidiruv-qutqaruv ishlari davomida Turkiyadagi turar-joy binosi vayronalarini tozalash chog`ida katta miqdorda pul topdi. Bu haqda Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar qildi."Rossiya Favqulodda vaziyatlar...
Daniyalik siyosatchi Rossiyadagi elchixona oldida uchinchi marta Qur`onni yoqib yubordi

30.01.2023, 12:54

Daniyalik siyosatchi Rasmus Paludan Rossiyaning Daniyadagi elchixonasi yaqinida uchinchi marta Qur`onni yoqib yubordi. Endi u buni "Checheniston va uning rahbarining aybi bilan" qilganini, shuningdek, chechenistonlik...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1